Ichki ishlar organlari uchun rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish — dolzarb vazifa
Maʼlumki, mamlakatimizda rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishda asosiy eʼtibor xodimlarning zaruriy kasbiy, ishbilarmonlik, shaxsiy va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga, yetuk salohiyatli, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘la oladigan, egallagan lavozimida o‘zini ijobiy tomonidan namoyon qilgan va qisqa muddatda rahbarlik lavozimlarini egallashga loyiq bo‘lgan yuqori malakali xodimlarni tanlab olishga qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramovning tegishli farmoyishiga asosan joriy yilning 15-18 noyabr kunlari IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti masʼul xodimlaridan tuzilgan ishchi komissiya aʼzolari Buxoro viloyati ichki ishlar organlarida rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish bilan bog‘liq amalga oshirilgan ishlar ahvoli bilan yaqindan tanishdi.
Buxoro viloyati Ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilib kelayotgan IIV Akademiyasi Rahbar kadrlarni tayyorlash fakulteti hamda IIV Akademiyasi magistratura bosqichini o‘qib tamomlagan holda viloyat ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlarida faoliyat olib borayotgan xodimlardan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining “Ichki ishlar organlarida kadrlar bilan taʼminlash xizmati faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tegishli buyrug‘i asosida rahbar kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlarning kasbiy, psixologik, jismoniy va jangovar tayyorgarligini tekshirish maqsadida sinov imtihonlari qabul qilinib, ular bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi va viloyat ichki ishlar organlarining rahbarlik lavozimlariga amaldagi zaxira ro‘yxati shakllantirildi.
Bunda, rahbar kadrlar zaxirasining darajalari, lavozimlar nomenklaturasi, elektron maʼlumotlar bazasi, nomzodning istiqbolliligi hamda oshkoralik, xolislik, raqobat, faollik, qarorni birgalikda qabul qilish va zaxiradan tayinlash ustuvorligi kabi tamoyillar inobatga olindi.
Bu kabi tadbirlar kelgusida ichki ishlar organlaridagi rahbar kadrlar zaxirasini yaratish, ular bilan muntazam o‘quv mashg‘ulotlarini olib borish, doimiy o‘z ustilarida ishlashlari uchun shart-sharoit yaratib maqsadida davom ettiriladi.