3 Fevral 2023 yil 844

Ichki ishlar sohasidagi islohotlarning yangi bosqichi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023 yil 20 yanvarda “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yana-da yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori imzolandi. Unga ko‘ra Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi tasdiqlandi.

Yangi qabul qilingan Kodeks soha xodimlarini madaniyatli, vijdonli, sadoqatli, halol bo‘lishga daʼvat etib, yuqori masʼuliyat hamda odob-axloq normalariga so‘zsiz rioya etish hissini shakllantirish, shu bilan birga korrupsion holatlarning oldini olishga qaratilgan. Hujjatda xodimlarning xizmatdan tashqari vaqtdagi odobi, rahbar va xodimning o‘zaro munosabati, boshliqning majburiyati bo‘yicha normalar ham belgilab qo‘yilgan. Ushbu sohada faoliyat olib borayotgan har bir xodim, u rahbar bo‘ladimi yoki oddiy xodim bo‘ladimi kodeks talablarini bilishi va unga amal qilishi asosiy mezon bo‘lib hisoblanadi.

Kodeksdagi qoida va talablarga amal qilmaslik yoki ularni qo‘pol ravishda buzish esa xodimni ichki ishlar organlaridan xizmatdan bo‘shatishgacha bo‘lgan intizomiy jazo chorasini qo‘llash uchun asos bo‘ladi. Shuningdek, barcha darajadagi rahbarlar kodeks talablarining bajarilishiga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish bo‘yicha shaxsan javobgar ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.

Kodeksga ko‘ra, nomzodlarni saralash zamonaviylashdi. Shu paytgacha ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilish tizimi samaradorlik jihatidan ancha eskirgan, salohiyatli nomzodlarni saralab olish imkoniyatini bermayotgan edi. Qayd qilingan hujjat bilan ushbu masala ham qayta ko‘rib chiqilib, xizmatga qabul qilishning mutlaqo yangi, takomillashgan zamonaviy mexanizmi yaratiladi. Xodimni «E-nomzod” yopiq axborot tizimini yaratish orqali xizmatga qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi. Tanlov ikki: saralash va o‘rganish bosqichlarida amalga oshiriladi. Suhbat tizimi bekor qilinadi. Nomzod Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan test sinovlarini qabul qilish va psixofiziologik (poligraf) tekshiruvidan o‘tkazish tadbirlari amalga oshiriladi.

Bo‘lajak xodim testlarni yaxshi va aʼlo bahoga topshirgach, keyingi bosqichga qo‘yiladi. Nomzodlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va shaxsiy yig‘ma jildlarni shakllantirish saralash bosqichidan o‘tgandan so‘ng amalga oshiriladi. Shuningdek, hujjat rasmiylashtirish jarayonlari byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish nuqtai nazaridan soddalashtiriladi.

Yangi tartib bo‘yicha xizmatga faqat salohiyatli nomzodlar tanlab olinadi hamda boshlang‘ich kasbiy bilim va ko‘nikmalarni egallaganidan so‘ng xizmat qilish uchun ruxsat beriladi. Dastlabki sinov muddati esa bir yilgacha uzaytiriladi.

Kodeksda murabbiylik faoliyatini tashkil etish jarayonini tanqidiy o‘rganish hamda mazkur yo‘nalishni zamon va amaliyot talablarini inobatga olgan holda tubdan takomillashtirish choralarini belgilash ko‘zda tutilgan. Yosh kadrlarga biriktirilgan murabbiylar faoliyatini o‘rganish orqali ularning kasbiy o‘sishlari uzluksiz monitoring qilinishi tashkil etiladi.

Hujjatga ko‘ra, xodimlar dastlabki sinov muddati davrida kodeks qoidalari va talablarini buzgan hollarda ularga biriktirilgan murabbiylar ayblilik darajasidan kelib chiqib, egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy jazoga tortiladi. Bundan ko‘rishimiz mumkinki, murabbiylar masʼuliyati ham keskin oshiriladi.

Ushbu qarorga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida ichki ishlar organlari taʼlim muassasalarining pedagog kadrlarini qayta tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilishi, amaliyotdagi kuchli xodimlarni pedagog sifatida tayyorlash hamda pedagoglarning mutaxassisliklariga sohaning o‘ziga xos xususiyatlarini integratsiya qilish imkoniyatini yaratadi.

Qarorda shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamentiga shaxsiy tarkibning jismoniy, jangovar va psixologik tayyorgarligini yana-da yaxshilashga qaratilgan bir qator muhim vazifalar qo‘yildi. Jumladan, ichki ishlar organlarida jismoniy va jangovar tayyorgarlikni tashkil etish konsepsiyasini ishlab chiqish, malaka toifasini berish tartibi va mezonlarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish orqali ularni zamon talablariga mos ravishda malakalash va malakasiga ko‘ra, haq to‘lash tartibini takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, barcha darajadagi ichki ishlar organlarining jangovar shaylik va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirishni nazarda tutib, sportning yakka kurash turlari (qo‘l jangi, sambo va kurash) bo‘yicha hududiy terma jamoalar va sport seksiyalarini tashkil etish, psixologik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yangi tizimni joriy etish, uning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, mutaxassislarni xorijiy ilmiy va taʼlim muassasalarida qayta tayyorlash va malakasini oshirishni nazarda tutuvchi choralarni belgilash vazifasi qo‘yilgan.

Qarorning muhim jihatlaridan yana biri shuki, endi ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yaratiladi.

Shu maqsadda, Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalarida jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi soha olimlari, faxriylari va jurnalistlardan iborat maslahat – kengash organi, yaʼni jamoatchilik kengashlari tuziladi. Qaror bilan kengashlarning ham vazifalari aniq belgilab berildi.

Umuman olganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ichki ishlar organlari sohasidagi islohotlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda va bu o‘zgarishlar xalqparvar bo‘lib, inson manfaatlarini ifolaydi. Buni qarorda belgilangan vazifalardan ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Buxoro viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari -JXX boshlig‘i podpolkovnik J.H. Boltayev.

Text to speech