4 Fevral 2020 yil 1650

Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh Buxoroda faoliyatini davom ettirmoqda

Aytish joizki, vazir tashrifi amaliy tadbirlarga boy tarzda o'tmoqda. Tashrifning 2 kunida Buxoroning ko'hna va qadimiy me'moriy yodgorligi Ark qo'rg'oni oldidagi maydonda bir guruh xodimlarni taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.

Tadbirda so'zga chiqqan general-leytenant Po'lat Bobojonov keyingi vaqtda davlatimiz rahbari tomonidan yangi O'zbekistonni qurish jarayonida mamlakatimizdagi tinchlik va totuvlikni mustahkamlash, jamoat xavfsizligini ta'minlash yo'lida ichki ishlar organlari xodimlarining xizmatini yangi bosqichga ko'tarish, ular uchun barcha zaruriy sharoitlarni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish masalalariga alohida e'tibor qaratilayotganligini ta'kidlab o'tdi.

Qayd etish lozim, xavfsizlikni ta'minlash borasida Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar bugungi kunda respublikada alohida o'rin topgan.

Muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan viloyatdagi 416 nafar profilaktika inspektorlari xizmat uylari va imtiyozli kredit asosida shaxsiy avtomashinalar bilan ta'minlandi.

Birgina o'tgan yilning o'zida ichki ishlar organlarining 5 ta ma'muriy binolari yangitdan qurildi, 22 tasi kapital ta'mirlandi.

Saf bo'linmalariga jami 63 ta transport vositalari berilib, shundan 14 tasi hokimlik hisobidan ajratildi.

Oxirgi ikki yilda 65 nafar xodimlar imtiyozli kreditlar asosida uy joyga ega bo'ldi.

So'zining yakunida ichki ishlar vaziri Po'lat Bobojonov ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida munosib xizmat sharoitlarini yaratish bo'yicha viloyat hokimigi bilan yaqin hamkorlikka ijobiy baho berdi.

Shundan so'ng, yuqorida aytib o'tilgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida tadbirda viloyat yo'llarida xavfsizlikni ta'minlash uchun O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi tomonidan xizmatda foydalanish uchun 8 ta xizmat avtomashinalarining kalitlari yo'l patrul xizmati inspektorlariga tantanali ravishda topshirildi. Xizmatda yaxshi natijalarga erishgan bir guruhga xodimlar pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Shuningdek, profilaktika inspektorining yordamchisi lavozimida vijdonan xizmat qilib, profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlashda jinoyatchilikni oldini olishda yordam bergan profilaktika inspektorining 30 nafar yordamchilarini xizmatga qabul qilinganligi buyrug'i tantanali ravishda o'qib eshittirildi.

Tadbir yakunida viloyat hokimi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi O'ktam Barnoev yig'ilganlarni mukofotlar bilan tabriklab, jamoatchilik bilan birgalikda oldinga qo'yilgan vazifalarni bajarishni ham ta'kidladi va kelgusi xizmatlariga zafarlar tiladi.

IIV axborot xizmati

Text to speech