Ichki ishlar vaziri "Buxoro tajribasi" asosida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev 2019 yil 29-30 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida "joriy yil oxirigacha ayollarning ijtimoiy muammolarini hal qilish, ish bilan ta'minlash, jinoyatchilik sodir etmasligi uchun zarur choralarni ko'rib, Buxoro viloyatini xotin-qizlar bilan bog'liq barcha masalalar bo'yicha eng namunali hududga aylantirishimiz kerak" deya ta'kidlagan edi.
Qayd etish lozim, o'tgan davr mobaynida Buxoro viloyatida mazkur yo'nalishda ichki ishlar organlari va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirildi. Buxoroda boshlangan ijtimoiy ko'makka muhtoj xotin-qizlar bilan ishlash tizimi respublikaning barcha hududlarida "Buxoro tajribasi" sifatida keng joriy etilmoqda.
Buxoro shahridagi oila ilmiy amaliy markazida bo'lib o'tgan navbatdagi uchrashuvda O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Po'lat Bobojonov mazkur yo'nalishda viloyatda yo'lga qo'yilgan tizimli ishlar bilan tanishdi. Uchrashuvda viloyatning barcha shahar-tuman xotin-qizlar qo'mitalari raislari, IIB tizimidagi xotin-qizlar masalalari bo'yicha katta inspektorlar va psixolog xodimlar hamda boshqa hamkor idora va tashkilotlarning mas'ul xodimlari ishtirok etishdi.
Amalga oshirilgan ishlar bo'yicha ko'rgazmali bayonot bergan viloyat IIB xotin-qizlar masalalari bo'yicha bo'lim boshlig'i podpolkovnik Dilfuza Sharopova sohada erishilgan yutuqlar va kamchiliklar xususida batafsil axborot berdi.
Jumladan, "Buxoro tajribasi" asosida amalga oshirilgan ishlar natijasida 14.361 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj va muammoli xotin-qizlar o'rganilib, 11.182 ta muammo aniqlanganligi, shundan 10.447 ta muammolar ijobiy hal etilganligi, o'z navbatida xotin-qizlar jinoyatchiligi 383 tadan 163 taga yoki 220 taga yoxud 57,4 foizga kamayishiga erishilganligini ta'kidladi. Shuningdek, faoliyat samaradorligini oshirish borasida bir qator takliflarini bildirdi.
Shundan so'ng, Po'lat Bobojonov ijtimoiy muammoli, har tomonlama ko'makka muhtoj ayollar bilan ishlash davomida e'tibor qaratilishi lozim bo'lgan ayrim muhim jihatlar haqida to'xtaldi. Jumladan, notinch oilalardagi muammoning asl sababini aniqlab, bartaraf etish choralari ko'rilmasligi og'ir oqibatli jinoyatlar bilan tugallanishi mumkinligini bildirdi. Xotin-qizlar jinoyatchiligiga eng asosiy sabablaridan biri ishsizlik ekanligini inobatga olib, ularning bandligini ta'minlash, tadbirkorlikka yo'naltirish borasidagi ishlarni jadallashtirish lozimligini uqtirdi. Tadbir yakunida ishtirokchilarning fikr mulohazalari tinglandi.
Kunning 2-yarmida ichki ishlar vaziri P.Bobojonov viloyatning ayrim hududlarida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini ta'minlash borasida yo'lga qo'yilgan faoliyat bilan tanishdi.
Xususan, Mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan Qorako'l tumani ichki ishlar bo'limi binosidagi shart-sharoitlar bilan tanishar ekan, xodimlarning faoliyatini tanqidiy baholadi. Shuningdek viloyatning chegaradosh hududi bo'lmish Olot tumanidagi kriminogen vaziyat haqida ichki ishlar bo'limi rahbarlari bilan suhbatlashdi.
Kun davomida tashrif buyurilgan hududiy ichki ishlar organlari rahbar va xodimlari bilan bo'lib o'tgan uchrashuvlarda jinoyatlar tahlili, fuqarolar bilan olib borilayotgan tushuntirish-targ'ibot ishlari, profilaktik tadbirlarning natijadorligi, boshqa davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Jinoyatlarni jilovlashda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, jamoat tuzilmalari va ko'ngilli fuqarolar yordamida tashkil etilgan tungi navbatchiliklar nazoratini kuchaytirish, bir so'z bilan aytganda ichki ishlar organlarini xalqchil idoraga aylantirish borasida bajarilishi lozim bo'lgan kompleks chora-tadbirlar yuzasidan tegishli ko'rsatma va topshiriqlar berdi.
IIV axborot xizmati