18 Avgust 2023 yil 744

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro shahar IIO FMB, Romitan va Peshku tumanlari ichki ishlar bo‘limlari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Maʼnaviy - maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshlig‘i general-mayor Davron Nazarmuxamedov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatida o‘rganishlar olib bormoqda.

Vazir o‘rinbosarining navbatdagi o‘rganishlari Buxoro shahar IIO FMB, Romitan va Peshku tumanlari ichki ishlar bo‘limlarida bo‘lib o‘tdi.

Hududiy ichki ishlar organlarida bo‘lgan vazir o‘rinbosari avvalo, maʼmuriy binoda xodimlar va aholiga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, mavjud muammolarga eʼtibor qaratdi.

Xodimlar bilan samimiy muloqot davomida har bir ichki ishlar organlari xodimining belgilangan xizmat intizomiga hamda qonuniylikka amal qilishi, fuqarolar bilan xushmumomalada bo‘lishi “Yangi O‘zbekiston - yangi ichki ishlar organlari” tizimini shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishini alohida taʼkidladi.

O‘rganishlar davomida shahar va tumanlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha olib borilgan ishlar, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillar birma bir tahlil qilindi.

Jarayonda sodir etilgan har bir jinoyatga sabab bo‘lgan omillar ilmiy yondashuv asosida chuqur tahlil qilinib, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olinib, aniqlangan kamchiliklardan zudlik bilan xulosa chiqargan holda aniq muddatlari belgilangan, manzilli chora-tadbirlarni belgilash zarurligi ham taʼkidlandi.

Hududiy ichki ishlar organlarida bo‘lgan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari o‘z xizmat vazifalariga vijdonan yondashib, hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh xodimlarga tashakkurnoma hamda ularning ota-onalariga alohida minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, Shu kuni viloyat ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar davomida xizmat qilgan faxriylarning holidan ham xabar olindi. Tizimda amalga oshirilayotgan muhim islohotlar hamda kelgusida “Ustoz-shogird” anʼanasini amaliyotga keng joriy etish orqali yosh xodimlarni tarbiyalashda faxriylarning tajribasidan unumli foydalanish muhimligi borasida so‘z bordi. Soha faxriylari ko‘rsatilgan eʼtibor va g‘amxo‘rlik uchun cheksiz minnatdorchilik bildirishdi.

Vazir o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruhning bu kabi o‘rganishlari Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.

Text to speech