15 Avgust 2023 yil 750

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ijduvon tumanida ommaviy sayyor qabul o‘tkazdi

Bugun, 15 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Maʼnaviy - maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshlig‘i general-mayor Davron Nazarmuxamedov G‘ijduvon tumanining 3 sektoriga qarashli “Beshtuvo” mahallasi aholisi muammolari yechimiga doir sayyor qabul o‘tkazdi.

Buxoro viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov, tuman sektor rahbarlari, tegishli tashkilotlar masʼullari qatnashgan sayyor qabulda 60 nafardan ortiq fuqarolar tomonidan 25 ga yaqin murojaatlar yo‘llandi.

Fuqarolar tomonidan davolanishda amaliy yordam berish, IIOlariga ishga kirish, elektr taʼminoti, imtiyozli kredit asosida tikuv mashinasi, mototsikl olib berishda amaliy yordam, bir martalik moddiy yordam ajratish bilan bog‘liq murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.

Qabul davomida aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik, arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkasi ham tashkil etildi.

Shuningdek, 3 nafar fuqarolarga imtiyozli kredit asosida tikuv mashinasi, 2 nafar fuqaroga elektromototsikl olib berildi.

Qo‘shimcha o‘rganish va qonuniy qaror qabul qilinishida vaqt talab etiladigan murojaatlar ish yurituviga qabul qilinib, ularni hal etish bo‘yicha masʼul idoralar rahbarlariga zaruriy ko‘rsatma va topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech