Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari hududiy ichki ishlar organlarining faoliyatini o‘rgandi
Ilgari xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Maʼnaviy - maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshlig‘i general-mayor Davron Nazarmuxamedov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatida bo‘lib turibdi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari o‘zining o‘rganishlari davomida G‘ijduvon tumani Ichki ishlar boshqarmasi, Kogon shahri va Qorovulbozor tumani Ichki ishlar bo‘limlariga tashrif buyurdi.
Hududiy ichki ishlar organlarida bo‘lgan vazir o‘rinbosari avvalo, maʼmuriy binoda xodimlar va aholiga yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, mavjud muammolarga eʼtibor qaratdi.
Xodimlar bilan bo‘lgan samimiy muloqot davomida har bir ichki ishlar organlari xodimining belgilangan xizmat intizomiga hamda qonuniylikka amal qilishi “Yangi O‘zbekiston - yangi ichki ishlar organlari” tizimini shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishini alohida taʼkidladi.
O‘rganishlar davomida shahar va tumanlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha olib borilgan ishlar ahvoli ham o‘rganilib, bu borada masʼul rahbarlarning axborotlari tinglandi. Jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillar birma bir tahlil qilindi.
Vazir o‘rinbosari hududlarda jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash, mahallalarni jinoyatdan xoli xavfsiz hududga aylantirish borasidagi kundalik ish faoliyatining samaradorligini oshirish kerakligi, shuningdek, aholini qiynayotgan muammolarga joyida yechim topish zarurligi to‘g‘risida manzilli topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklardan zudlik bilan xulosa chiqargan holda aniq muddatlari belgilangan, manzilli chora-tadbirlarni belgilash zarurligi ham taʼkidlandi.
Vazir o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruhning bu kabi o‘rganishlari Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.