17 Avgust 2023 yil 831

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining Buxoro viloyatidagi o‘rganishlari davom etmoqda

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Maʼnaviy - maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshlig‘i general-mayor Davron Nazarmuxamedov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatida o‘rganishlar olib bormoqda.

Vazir o‘rinbosari viloyatning yana bir qator tumanlari, jumladan Kogon, Buxoro, Vobkent hamda Shofirkon tumanlari ichki ishlar bo‘limlariga tashrif buyurdi.

Hududiy ichki ishlar organlarida bo‘lgan vazir o‘rinbosari avvalo, maʼmuriy binoda xodimlar va aholiga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, mavjud muammolarga eʼtibor qaratdi.

Xodimlar bilan samimiy muloqot davomida har bir ichki ishlar organlari xodimining belgilangan xizmat intizomiga hamda qonuniylikka amal qilishi “Yangi O‘zbekiston - yangi ichki ishlar organlari” tizimini shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishini alohida taʼkidladi.

O‘rganishlar davomida shahar va tumanlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha olib borilgan ishlar, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillar birma bir tahlil qilindi.

Shofirkon tumanining «Qalmaqon» mahallasi tuman markazida joylashgan. Kriminogen vaziyati og‘irligi sababli “qizil” hudud sirasiga kiritilgan. Vizir o‘rinbosari mahallada joylashgan huquq tartibot maskaniga tashrifi davomida “beshlik” vakillarining hamkorlikda jinoyatchilikni oldini olish borasida olib borgan ishlari bilan tanishdi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari mahallaning kriminogen vaziyatiga taʼsir qilayotgan omillar, shuningdek, kompleks yondashuv asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish, salmog‘i yuqori bo‘lgan jinoyatlarni oldini olishning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda maxsus kontingent bilan ishlash kerakligi borasida alohida topshiriqlar berdi.

Jarayonda sodir etilgan har bir jinoyatga sabab bo‘lgan omillar ilmiy yondashuv asosida chuqur tahlil qilinib, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olindi.

O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklardan zudlik bilan xulosa chiqargan holda aniq muddatlari belgilangan, manzilli chora-tadbirlarni belgilash zarurligi ham taʼkidlandi.

Vazir o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruhning bu kabi o‘rganishlari Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.

Text to speech