Buxoro viloyati ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida «Namunali oila» ko‘rik-tanlovinining hududiy bosqichi o‘tkazildi
“Sog‘lom oila — sog‘lom jamiyat” g‘oyasini tatbiq etish, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirish, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, dunyoqarashi va ma’naviyatini yuksaltirish, ibratli oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirishni maqsad qilgan “Namunali oila” ko‘rik-tanlovida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasining barcha sohaviy xizmatlari hamda hududiy organlarida xizmat qilib kelayotgan namunali oilalar sohib va sohibalari bo‘lgan xodimlar o‘z oila a’zolari bilan jamoa bo‘lib qatnashdilar.
Tantanada so‘z olganlar yurtimizda oilalarning mustahkam bo‘lishi uchun yaratilayotgan sharoitlarga alohida to‘xtalib o‘tishdi.
Ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan jami 10 nafar xodimning oila a’zolaridan tarkib topgan jamoalar 3 shart bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.
Ishtirokchilar «tanishtiruv» shartida o‘zlarining oilasi to‘g‘risida ijodiy yondashib ma’lumot bergan bo‘lsalar, «bu mening oilam» shartida xodimlar o‘zlari tomonidan tayyorlangan oilaviy foto va video slaydlarni namoyish etdilar. «Biz kitobxon oilamiz» shartida esa ishtirokchi xodimlarning oilasida kitob mutoalaasiga qay darajada e’tibor berilgani aniqlab olindi.
Ko‘rik-tanlov shartlarini bajarish davomida ishtirokchi xodimlar va ularning oila a’zolari o‘z iste’dod va ijodiy qobiliyatlarini namoyish etdilar.
Oilalarning belgilangan shartlar bo‘yicha tayyorgarligi hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi. Shartlar so‘ngida oilaviy jamoalarga qo‘yilgan umumiy balllar hisoblandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Kitobxon oila” nominasiyasida — Jamoat tartibini saqlash boshqarmasidan ishtirok etgan Achilovlar oilasi; “Ibratli oila” nominasiyasida — Qorovulbozor tumani Ichki ishlar bo‘limidan ishtirok etgan Choriyevlar oilasi; “Zukko oila” nominasiyasida — Buxoro tumani Ichki ishlar bo‘limidan ishtirok etgan Hamroyevlar oilasi g‘olib deb topildi.
Shuningdek, umumiy natijalarga ko‘ra 3-o‘rinni Peshku tumani Ichki ishlar bo‘limidan ishtirok etgan Bog‘iyevlar oilasi, 2-o‘rinni Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyati muvofiqlashtirish boshqarmasidan ishtirok etgan Yusupovlar oilasi qo‘lga kiritdi.
Ko‘rik-tanlovga puxta tayyorgarlik ko‘rgani bois yaqqol ustunlik bilan faxrli 1-o‘rin va tanlovning respublika bosqichiga ishtirok etish uchun yo‘llanmani Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasidan ishtirok etgan Shukurullayevlar oilasiga nasib etdi.
G‘oliblarga boshqarmaning diplom, esdalik sovg‘alari va pul mukofotlari topshirildi.
Bu kabi tadbirlar oilaviy qadriyatlarni saqlashga, baxt qo‘rg‘onining yanada mustahkam bo‘lishini ta’minlashga va boshqa oilalarga hayotiy tajriba sifatida xizmat qiladi.