Ijtimoiy tarmoqlarda “Buxoro viloyat Ichki ishlar boshqarmasidagi “lo‘ttibozlik”! sarlavhasi ostida tarqalayotgan xabar yuzasidan rasmiy maʼlumot.
Maʼlum qilamizki, Viloyat hududida tungi vaqtlarda jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jinoyatchilikni oldini olish va tezkor vaziyat barqarorligini taʼminlash maqsadida “Tun” tezkor profilaktik tadbirini harakatga keltirish to‘g‘risida Buxoro viloyat IIB boshlig‘ining alohida farmoyishi asosida barcha shahar-tuman ichki ishlar organlari xodimlari va jamoatchilik vakillaridan iborat alohida guruhlar tashkil etilib, tungi soat 22-00 dan soat 06-00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida xizmat olib borish tartibi belgilab berilgan.
Joriy yilning oktyabr va noyabr oylarida viloyatning barcha hududlari, ayniqsa Shofirkon, Peshku, Romitan, Qorako‘l, Olot, Kogon va Buxoro tumanlarida chorva-mol o‘g‘irliklari ko‘p sodir etildi.
Viloyatda bu turdagi jinoyatlarning salmog‘i sezilarli darajada oshganligi va hududlarda grafik asosida elektr energiyasi cheklovlarining o‘rnatilganligi sababli, “Tumanlararo Jamoatchilik Nazorati Maskan” lari hamda cho‘l massivlariga tutash chekka mahallalarda olov yoqib tungi xizmatni tashkil etish talab etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 20 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-92-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qalqon” jamoatchilik guruhlari to‘g‘risidagi “Nizom” ning tegishli bandlariga asosan, “Tun” tezkor profilaktik tadbirlariga ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya xodimlari bilan birgalikda mahalla yoshlar yetakchilari tomonidan mahallalardagi yoshlarni Qalqon guruhlariga jalb etish orqali hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish tadbirlariga jalb etilmoqda.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizlik konsepsiyasi”ni tasdiqlash to‘g‘risidagi 27-sonli Farmoni asosida mahallalarda jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tadbirlariga yoshlar yetakchilari tomonidan mahallalardagi yoshlarni “Qalqon jamoatchilik guruh” lariga jalb etish hamda ularni tungi vaqtlarda mahallalarda fuqarolarning hayoti va salomatligi, mol mulklari daxlsizligi, jamoat tartibi va yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash tadbirlarida jamoatchilik vakili sifatida foydalanish choralari ko‘rilishi ham belgilab berilgan.
2022 yil 30 noyabrdan 1 dekabrga o‘tar kechasi viloyat Ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan shahar va tumanlarda “Tun” tadbirining tashkil etilganligi va joylardagi tergov-tezkor guruhlarining faoliyati o‘rganilganda qator kamchiliklar aniqlangan.
IIVning tegishli buyruqlari talablari asosida masʼul rahbar va xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Tekshiruv yakuni bo‘yicha masʼul rahbar va xodimlarga intizomiy taʼsir choralari qo‘llanilib, jangovar shaylikni oshirish bo‘yicha “tezkor reja” lar asosida mashg‘ulotlar o‘tkazilgan.