9 Avgust 2023 yil 2309

Ijtimoiy tarmoqlarda chaqaloq tashlab ketilgani yuzasidan tarqalgan xabar bo‘yicha rasmiy ma’lumot

Bugun, 9-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Qayerdadir ko‘chaga chaqaloq tashlab ketishibdi.. Afsus. Holat bo‘yicha hali ichki ishlar vazirligi munosabat bermadi» sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi. 

Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz. 

Joriy yilning 8-avgust kuni soat 01:30 larda Qorako‘l tumani  markazida tungi xizmatga jalb etilgan viloyat IIB JXX JTSB PPX bataloni tumanlararo bo‘linmasi safdor xodimi Shahzod Saidov hamda tuman IIB JXX HPB profilaktika inspektori katta leytenant Habib Abdurahmonovlar o‘zlariga biriktirib berilgan yo‘nalish hududida xizmat olib borayotganlarida tuman Markaziy kasalxonasining Gemodializ bo‘limi ro‘parasidagi Travm punkt binosining orqa tomonidan o‘tayotganlarida chaqaloq yig‘isini eshitib, shu atrofni sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirganlarida devor yonida yashil rangli paket ichida o‘g‘il bola jinsiga mansub, taxminan 3-5 kunlik sog‘lom holatdagi chaqaloq borligi aniqlangan. 

Shu paytning o‘zida chaqaloq ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tuman Tibbiyot birlashmasi Bolalar bo‘limiga yotqizilib, zaruriy birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va soha mutaxassislari nazoratiga olingan. 

Mazkur holat yuzasidan tuman IIB xodimlari tomonidan olib borilgan kechiktirib bo‘lmas tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu chaqaloq 2023-yilning 4-avgust kuni yashash xonadonida hech qanday tibbiyot xodimlarisiz soat taxminan 08:00 lar atrofida dunyoga keltirilgan va 7-avgust kuni soat 21:00 atrofida onasi: 1995-yilda tug‘ilgan, Qorako‘l tumani «Mirob» mahallasida yashovchi B.Z. ismli ayol tomonidan tashlab ketilgani fosh etilgan. 

Hozirgi paytda holat hamda uni keltirib chiqargan sabab va omillarni aniqlash yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgan bo‘lib, yakuni yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Text to speech