5 Iyun 2023 yil 510

Ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan video murojaat yuzasidan rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda “G‘ijduvon tumani IIB boshlig‘i firibgarlarni himoya qilmoqdami?” sarlavhasi ostida video murojaat eʼlon qilindi.

Mazkur video murojaat Buxoro viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganilganda aniqlanishicha, murojaatda keltirilgan vajlar yuzasidan G‘ijduvon tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqarolar F.Sh hamda J.K.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari davomida fuqaro F.Sh. gumon qilinuvchi sifatida ishda ishtirok etishga jalb etilib, so‘roq qilingan va u bilan bog‘liq zaruriy tergov harakatlari olib borilgan.

Uning jinoiy sherigi J.K. esa sirtdan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilib, to‘plangan hujjatlar bo‘yicha ayblov eʼlon qilingan.

Ammo tergov harakatlari davomida ayblanuvchi J.K. surishtiruv hamda dastlabki tergovdan yashirinib, nomaʼlum tomonga qochib ketgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi J.K. ni dastlabki tergovga jalb qilmasdan turib, gumon qilinuvchi F.Sh.ning harakatlariga qonuniy baho berish va uni ayblash uchun asoslarning yetarli emasligi hamda ayblanuvchi J.K.ning dastlabki tergov organlaridan yashirinib yurganligi sababli jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi JPK.ning 364-moddasi 1-qismi 2-bandiga asosan harakatdan to‘xtatilgan.

Bugungi kunda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi J.K.ni qidirib topish va tergov harakatlariga jalb etish borasida kechiktirib bo‘lmas tezkor surishtiruv hamda “Qidiruv” maxsus tezkor tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Qidiruv tadbirlari ijobiy samara berib, ayblanuvchi J.K.ni tergovga jalb etish imkoniyati yaratilgan taqdirda, murojaat muallifi hamda jamoatchilikka qo‘shimcha maʼlumot beriladi.

Hurmatli fuqarolar, OAV hamda ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari!

Shuni bilingki, O‘zbekiston Respublikasi JPK.ning 23-moddasi (aybsizlik prizumsiyasi) da “gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi”, shuningdek, “gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas”, va “aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak” degan qoida belgilab qo‘yilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib mazkur jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi J.K. ni qidirib topib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tergov harakatlari to‘laqonli o‘tkazilmagunga qadar, gumon qilinuvchi F.Sh.ni aybdor deb topib bo‘lmaydi.

Shu sababli videomurojaat muallifi, OAV vakillari, ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari, bloger va mustaqil jurnalistlardan mazkur holatni turlicha talqin qilmasliklarini, huquq-tartibot organlarining ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan hatti-harakatlarni sodir qilmasliklarini so‘rab, bu kabi hatti-harakatlar uchun qonunda javobgarlik nazarda tutilganligini maʼlum qilamiz.

Text to speech