Ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan video yuzasidan rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda "Qonuniy talab qo‘yolmagan ichki ishlar xodimi kuch ishlatdi" sarlavhasi ostida video tarqaldi.
Ushbu holat Buxoro viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganilganda aniqlanishicha, joriy yilning 13 apreldan 14 aprelga o‘tar kechasi viloyat IIB PPX batalyoni komandiri tomonidan tasdiqlangan kunlik taqsimotga asosan Buxoro shahar IIO FMB 1-sonli IIB maʼmuriy hududida avtopatrullik xizmatiga jalb qilingan batalyoni xodimlari Buxoro shahar IIO FMB 1-son IIB profilaktika inspektori bilan birgalikda xizmat hududini aylanib yurganida, profilaktik inspektorining qo‘l telefoniga Navoiy shox ko‘chasida joylashgan “X-Game club” kompyuter o‘yingohi ish yurituvchisi qo‘ng‘iroq qilib, klub yonida 7-8 nafar notanish yigitlar o‘zaro janjal qilayotganliklari to‘g‘risida xabar bergan.
Mazkur xabarga asosan soat taxminan 01:00 larda avtopatrul xodimlari va profilaktika inspektori voqea joyiga yetib borganlar, biroq bu vaqtda janjal qilgan shaxslar ketib qolganliklari sababli ularni qidirib topish maqsadida A.Somiy ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib borayotganlarida, yo‘l chetida 6-7 nafar shaxslarning to‘planib turganliklarini ko‘rganlar va berilgan xabar asosida ularning shaxsiga aniqlik kiritish va nima maqsadda yurganliklariga oydinlik kiritish uchun ularni oldiga borib, fuqarolar bilan suhbat o‘tkazayotgan vaqtlarida, ularning ayrimlari o‘zini shubhali tutganliklari sababli, ularni yaqin orada joylashgan 1-son IIB ga borishlarini so‘raganlarida, mazkur fuqarolar PPX xodimlarining IIB ga borish to‘g‘risidagi qonuniy talablarini bajarmay, ularga faol qarshilik ko‘rsatishgan.
Ushbu fuqarolar masʼul xodimlar tomonidan Buxoro shahar IIO FMB 1-sonli IIB ga olib borilib, kechiktirib bo'lmas tezkor surishtiruv harakatlari olib borilgan.
Olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida ushbu fuqarolardan ikki nafari Buxoro Turon Zarmed Universiteti talabalari T.X. hamda A.A., yana ikki nafari Buxoro Davlat Tibbiyot institutining Turkiya tibbiyot fakulteti 1-bosqich talabasi P.b. hamda S.S., bir nafari Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish va muhandislik instituti, bir nafari Milliy tadqiqot universiteti Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti, yana ikki nafari Buxoro muhandislik texnologiya institutining 1-bosqich talabasi A.A. hamda A.R. lar ekanliklari hamda tungi vaqtda hech qanday sababsiz bemaqsad yurganliklari aniqlangan.
Hozirda, mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB tomonidan surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, fuqarolar P.B. va A.R. larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtK ning 194-moddasi 1-qismi (Ichki ishlar xodimining ichki ishlar organlariga borish to‘g‘risidagi qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik) va fuqaro T.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtK ning 195-moddasi (Ichki ishlar xodimining o‘z vazifalarini bajarish bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslikga omma oldida har qanday shaklda daʼvat qilish) bilan to‘plangan maʼmuriy ish hujjatlari mazmunan ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudiga yuborilgan.
Joriy yilning 15 may kuni Buxoro Turon Zarmed Universiteti talabasi T.X. o‘zining “TikTok” ijtimoiy platformasidagi “xurshid_torayev” nomli Akkauntiga o‘sha tunda tasvirga olgan ichki ishlar organlari xodimlari bilan bo‘lgan holat yuzasidan olgan videosini ichki ishlar organlari xodimlarini obro‘sizlantirish, platformada tomoshabin yig‘ish hamda mashhurlikka erishish maqsadida joylashtirgan.
Mazkur holatlar Buxoro shahar IIO FMB masʼul xodimlari tomonidan yoshlar o‘rtasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida, ushbu talabalar tahsil olayotgan oliy taʼlim muassasalari talabalari, ularning o‘qituvchilari, ota-onalari ishtirokida keng muhokama qilinib, tungi vaqtlarda bemaqsad yurmaslik, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga to‘sqinlik qilmaslik, shaxsning shaʼni, kadr qimmatini kamsituvchi turli video materiallarni tarqatmaslik kerakligi, buning uchun qonunda tegishli javobgarlik belgilanganligi borasida huquqiy tushunchalar berildi.
Fuqarolar bilan IIO xodimlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ushbu tortishuv vaqtida xodimlar xizmat kiyimida, hushyor holatda, belgilangan tartibda o‘z xizmat vazifalarini olib borishgan.
Xodimlarning hatti-harakatlarida intizom va qonun buzilish holatlari aniqlanmagan.