Ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan video yuzasidan rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda "Ichki ishlar xodimiga hurmatsizlik qilish oqibati" sarlavhasi ostida video tarqaldi.
Ushbu holat Buxoro viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganilganda Aniqlanishicha, joriy yilning 20 may kuni soat 10:09 larda Jondor tumani "Bolun" qishlog‘ida yashovchi K.G. ismli ayol “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, notanish fuqaro unga tegajonlik qilayotganligi to‘g‘risida xabar bergan.
Ushbu xabarnoma asosida Buxor tumani IIB JXX HPB profilaktika inspektori voqea joyiga zudlik bilan yetib borganida, murojaat qilgan ayol va tegajonlik qilgan fuqaro hali ham o‘sha yerda bo‘lgan.
Ayolga tegajoqlik qilgan ushbu fuqaroning shaxsiga oydinlik kiritish choralari ko‘rilgan. Uning Buxoro tumani “Podshohi” mahallasida yashovchi, 1972 yilda tug‘ilgan M.R. ekanligi aniqlanib, spirtli ichimlik isteʼmol qilganlikda gumon qilinganda, u o‘zining TTZ-100 rusumli traktorini xodimning ogohlantirishiga qaramasdan boshqarib ketmoqchi bo‘lgan.
Xodim uning mast holda traktorni boshqarishi yo‘l harakati ishtirokchilari uchun xavf tug‘dirishi mumkinligini aytib, uning transport vositasini boshqarishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida traktorning kabinaga chiqish zinasiga turib olib,o‘zining qonuniy talablarini qo‘ygan.
Fuqaro M.R. xodimning traktorni boshqarmaslik to‘g‘risida ogohlantirishiga qaramasdan uning qonuniy talabini bajarmasdan traktorda harakatlanib ketgan.
Ushbu fuqaro boshqaruvidagi traktor to‘xtatilib, yordamga chaqirilgan viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan tekshiruv o‘tkazilganda traktor haydovchisi spirtli ichimlik ichgan mastlik holatida ekanligi o‘z tasdig‘ini topib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtK.ning 131-moddasi (transport vositasini mast holda boshqarish) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, traktor vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Hozirda fuqaro M.R. ning harakatlarida MJtKning 194-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik (IIO xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) alomatlari mavjud yoki mavjud emasligi yuzasidan tuman IIB xodimlari tomonidan qo‘shimcha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ushbu fuqaro bilan IIO xodimi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan holat vaqtida xodim xizmat kiyimida, hushyor holatda, belgilangan tartibda o‘z xizmat vazifalarini olib borgan.
Xodimlar tomonidan xizmat intizomi va qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilmagan.