Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, "Olotda Gai va Soliqchi kim hak?" rukni ostidagi video yuzasidan rasmiy maʼlumot
2023 yilning 22 aprel kuni soat 16:52 larda, fuqaro N.O‘. Buxoro viloyati IIB ning “102” markazlashgan tizimiga murojaat qilib, IIB xodimlari bilan o‘rtalarida kelishmovchilik yuzaga kelganligini bildirgan.
Mazkur xabar Olot tumani IIB da tegishli tartibda ro‘yxatga olinib, masʼul sohaviy xizmatlar xodimlari tomonidan o‘rganilgan.
Aniqlanishicha, 2023 yilning 22 aprel kuni soat 16:00 larda, Buxoro viloyati IIB JXX YHXB 5-safarbar guruh YPX inspektorlari katta serjant J.S. hamda safdor K.B. lar o‘zlarining xizmat hududi hisoblangan, tuman markazidagi Maʼrifat ko‘chasida xizmat olib borayotgan vaqtlarida, “Neksiya” rusumli avtomashinani boshqarib kelayotgan fuqaro F.J. shu ko‘chani kesib o‘tuvchi yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siq (bardyur)qa borib urilib shikast yetkazganligi holatiga guvoh bo‘lishgan va ushbu holatni rasmiylashtirish maqsadida hodisa joyiga zudlik bilan yetib kelishgan.
Shu vaqtda mazkur holatga umuman aloqasi va dahldorligi bo‘lmagan 1993 yilda tug‘ilgan, Buxoro viloyati Davlat Soliq boshqarmasi Qorako‘l tumani bo‘limi maʼmuriy amaliyot yuristi, Olot tumani “Chorbog‘” mahallasida yashovchi N.O‘. hodisa joyiga yetib kelib, hech bir sababsiz holatni rasmiylashtirayotgan IIB xodimlarining xizmat faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatib, xizmat vazifalarini bajarib turgan xodimlarni turli nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilib, kuch ishlatib, turli darajadagi tan jarohatlarini yetkazgan.
Olib borilgan o‘rganishlar hamda dastlabki tibbiy tekshiruv maʼlumotnomasiga ko‘ra, mazkur hodisa natijasida katta serjant S.J. ning “o‘ng qo‘l 4-5 barmoqlarida hamda o‘ng qo‘l tirsak sohasida shilinma”, safdor B.K. ning esa “bo‘yin sohasida shilinma” kabi "sog‘liqning buzilishiga sababchi bo‘lmagan yengil shikast" toifasiga kiruvchi tan jarohatlari yetkazilganligi aniqlangan.
Mazkur holat sodir bo‘lgan vaqtda katta serjant S.J. hamda safdor B.K.lar hushyor holda, xizmat vaqti hamda xizmat kiyimida bo‘lgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan Olot tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 219-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchi N.O‘.ga nisbatan "uy qamog‘i" ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov yakuni bo‘yicha ayblanuvchining harakatlariga huquqiy baho beriladi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati