17 Yanvar 2023 yil 764

Ishlab chiqarishda muqobil energiya manbalaridan foydalanish borasida amalga oshirilayotgan chora tadbirlar masʼullar tomonidan o‘rganildi

Romitan tumanida viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, Buxoro DSB boshlig‘i Maqsud Mamatxanovlar birgalikda tuman sektor rahbarlari ishtirokida hududdagi mavjud issiqxonalar egalari bilan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirishda muqobil energiyadan foydalanish borasida tushuntirish targ‘ibot xususiyatiga ega bo‘lgan uchrashuvlarni o‘tkazdilar.

Bunda aholini sifatli qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash muhim masala ekanligi, bugungi kunda esa issiqxonalarda yetishtirilayotgan mahsulotlarni sovuq urishidan asrash, tabiiy gaz bosimi past bo‘lgan kezlarda muqobil energiyadan foydalanish, hosilni betalafot yetishtirish borasida ehtiyot choralarini ko‘rishga doir tushuntirishlar berildi.

Jarayonda issiqxona egalarining fikr va takliflari, ularning tajribasi o‘rganildi.

Shuningdek, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar, faoliyatidagi og‘riqli masalalar yuzasidan masʼullarga o‘z murojaatlarini bildirdilar.

Bugun oldimizdagi muhim vazifalardan biri ham aynan energiya resurslarini tejab, undan to‘g‘ri foydalanish hisoblanadi. Shuning uchun joylarda faoliyat olib borayotgan issiqxona xo‘jaligi egalari issiqxonalarni isitishda ko‘mir hamda dizel yoqilg‘isidan ham foydalanmoqda.

Elektr energiyasi va tabiiy gaz taʼminotida muammo yuzaga kelayotgan bir vaqtda muqobil energiya manbalaridan foydalanish hosilni asrashda qo‘l keladi.

Masʼullar tashrif buyurgan tumandagi «Muhammad Temur Arslon» MCHJ issiqxonasida muqobil energiya, yaʼni ko‘mirdan foydalanish tajribasi ko‘zdan kechirilib, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, issiqlik darajasi o‘rganildi.

Navbatdagi manzil “Nurislom agro” MCHJ ga qarashli issiqxona bo‘lib, bu yerda tabiiy gaz bo‘lmaganda dizel yoqilg‘isidan foydalanish tajribasi o‘rganilib, mahsulotlarning sifati, gaz bosimi pasaygan paytda issiqxonani kerakli harorat bilan taʼminlash borasidagi ishlar ko‘zdan kechirildi.

O‘rganish davomida aniqlangan muammolar yuzasidan mutasaddi idoralar masʼullariga topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.

Text to speech