Islohotlar zamirida – qonun ustuvorligi va el-yurt manfaati mujassam
Zimmasiga yuksak sharaf va masʼulni olgan soha xodimlari o‘z hayotini el-yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek olijanob ishga bag‘ishlagan, muqaddas qasamyodiga sodiq tinchlik posbonlarining fidokorona xizmatlari hamisha xalq nazarida bo‘lib kelgan.
Zotan, Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida olib borayotgan islohotlarni hayotga muvaffaqiyatli joriy etishda ichki ishlar tizimi xodimlari davlatimiz va jamiyatimizning mustahkam tayanchi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Maʼlumki, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan barcha sohalar singari ichki ishlar tizimida ham keng ko‘lamli va puxta o‘ylangan islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, ichki ishlar organlarini el-yurt manfaatiga xizmat qiladigan chinakam xalqchil tizimga aylantirish yo‘lida qator ishlar olib borilmoqda.
Shu maqsadda ushbu tizim faoliyati tubdan takomillashtirilib, ichki ishlar organlarini xalqqa yana-da yaqinlashtirish, murojaatlarni tunu kun qabul qilish, mavjud muammolarni joyida va o‘z vaqtida hal etish maqsad qilingan bo‘lib, jamoat joylari va ko‘chalarda xavfsizlikni taʼminlash borasidagi ichki ishlar organlarining xizmatini alohida qayd etish zarur.
Tizimdagi barcha tarkibiy va hududiy bo‘linmalar, jumladan, profilaktika, jinoyat qidiruv, tergov, yo‘l-patrul va patrul-post xizmatlari, ekspert-kriminalistika va pasport bo‘linmalari mutlaqo yangicha mezonlar asosida qayta shakllantirilgani, xodimlar xizmat faoliyatiga xos bo‘lmagan ko‘plab ishlardan ozod etilgani sohada ish samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 20 yanvar PQ-10 sonli “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yana-da yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilinganini alohida taʼkidlash joiz.
Mazkur qarorda ichki ishlar organlari xodimlarini “Inson qadri uchun” tamoyili asosida davlatning yuksak maʼnaviy-axlotsiy fazilatlarga ega, o‘z burchiga sodiq, vatanparvar va xalqparvar vakili etib tarbiyalash orqali aholining chinakam roziligiga erishish, ichki ishlar organlari xodimlarida xizmat vazifalariga adolat va vijdonan, Vatan va xalq oldidagi burchini chin dildan his etgan holda, yuksak masʼuliyat bilan yondashish, jamiyatda umumeʼtirof etilgan odob-ahloq normalariga so‘zsiz amal qilish tuyg‘usini shakllantirish, ichki ishlar organlarida sodir etilishi mumkin bo‘lgan nojuya hatti-harakatlar, suiisteʼmolchilik va korrupsiya holatlarining barvaqt oldini olish, huquq-tartibot tizimi obro‘siga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi nizoli vaziyatlarni yuzaga keltirmaslik kabi jihatlarga doir alohida so‘z yuritilgan.
Xususan, ichki ishlar organlarining har bir xodimi Kodeksda belgilangan qoida va talablarni bilishi, ularga qatʼiy va so‘zsiz amal qilishi majburiy hisoblanib, belgilangan meʼyorlarga amal qilmaslik xodimning xizmat faoliyati samaradorligi va xizmat intizomini baholashning asosiy mezoni bo‘lib hisoblanishi hamda mazkur qoida va talablarga amal qilmaslik yoki ularni qo‘pol ravishda buzish xodimni ichki ishlar organlaridan xizmatdan bo‘shatishgacha bo‘lgan intizomiy jazo chorasini qo‘llash uchun asos bo‘lishi taʼkidlangan.
Barcha darajadagi hududiy, sohaviy va tarmoq ichki ishlar organlari boshliqlari o‘z bo‘ysunuvidagi shaxsiy tarkib bilan Kodeks talablarini bajarishga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish, shuningdek, xodimlarning oilaviy-maishiy muammolarini doimiy o‘rganish va hal etish bo‘yicha samarali choralarni ko‘rish uchun shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirilgan.
Ichki ishlar organlarida kadrlar salohiyatini oshirish zamon talabi va dolzarb vazifa ekanidan kelib chiqqan holda quyidagi:
· ichki ishlar organlarida xizmatga qabul qilish bo‘yicha nomzodlarni tanlashning adolatli, xolis va shaffof tizimini yaratib, o‘rnatilgan tartiblarni tubdan soddalashtirish va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni belgilash;
· maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni “taʼlim muassasasidan - xizmatning oxiriga qadar” tamoyili asosida tizimli va uzluksiz tashkil etish orqali ularning samaradorligi hamda taʼsirchanligini oshirish;
· xizmatning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi o‘rtasida manzilli psixologik tadbirlarning zamonaviy usullarini tatbiq etish, lavozimga tayinlash va attestatsiya o‘tkazish jarayonlarida mutaxassis-psixologlarning rolini oshirish;
· ichki ishlar organlarida istiqbolli yosh rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishning yangi tizimini joriy etish, ularning faoliyatini tizimli monitoring qilish va doimiy ravishda o‘qitib borish mexanizmlarini yaratish;
· jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasining xususiyatlaridan kelib chiqib, ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibining jangovar va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirishning uzluksiz tizimini yaratish va uni baholashni yangi mezonlar asosida amalga oshirish;
· inson omilini istisno etish hamda korrupsiya holatlarining barvaqt oldini olish maqsadida ichki ishlar organlarida kadrlar bilan ishlash, xizmatni o‘tash qoidalariga rioya etilishini taʼminlash, shuningdek, shaxsiy tarkib va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini zamon talablariga mos ravishda to‘liq raqamlashtirish kabi omillar faoliyatni yana-da takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi.
Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligining ichki ishlar organlarida xizmatga birinchi marta qabul qilingan xodimlarga nisbatan tayinlanadigan dastlabki sinov muddatini bir yil etib belgilash; hududiy ichki ishlar organlari ehtiyojini inobatga olib, Ichki ishlar vazirligining akademik litseylari bitiruvchilari uchun Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida bakalavriatning “Xuquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” va “Tezkor-qidiruv faoliyati” kabi taʼlim yo‘nalishlariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishni nazarda tutgan holda, 200 nafargacha ko‘shimcha har yillik qabul kvotasini kiritish.
Intizomiy jazo tariqasida lavozimidan ozod etilayotgan xodimlarni boshqa sohaviy tuzilmalarga o‘tkazish amaliyotiga chek qo‘yib, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha quyi bo‘linmalarga yo‘naltirish yoki malakasiga baho bergan holda xizmatga loyiqligini aniqlash maqsadida attestatsiyadan o‘tkazish tartibini yo‘lga qo‘yish va 2023 yil yakuniga qadar mansab lavozimlarini yuqori maʼnaviy-ahloqiy, ishchanlik va kasbiy sifatlarga ega bo‘lgan nomzodlar bilan to‘ldirishni nazarda tutgan holda, ichki ishlar organlarida xizmatga qabul qilishning sifat jihatidan yangi, soddalashtirilgan tartibini o‘rnatish hamda “E-nomzod” elektron axborot tizimini yaratish shuningdek, xizmatning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, ichki ishlar organlari xodimlarida muloqot psixologiyasi va muomala madaniyati hamda nostandart vaziyatlarda ruhiy barqarorlikni saqlash bo‘yicha zarur ko‘nikmalarni shakllantirish, ichki ishlar organlarida malaka toifasini berish tartibi va mezonlarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, unda xodimlarni kasbiy bilimlari, jangovar va jismoniy tayyorgarlik darajasi, axborot texnologiyalaridan foydalana olishi hamda Kodeks qoida va talablarini o‘zlashtirganligi bo‘yicha sinovdan o‘tkazish tizimini joriy etish yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni ko‘rish belgilangan.
Shu bilan birga, kadrlar bilan taʼminlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilib, ichki ishlar organlariga xizmatga birinchi marta qabul qilingan xodimlar Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida uch oylik boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganidan so‘ng tegishli lavozimga tayinlanishi; ichki ishlar organlariga xizmatga birinchi marta qabul qilingan xodimlar dastlabki sinov muddati davrida Kodeks qoida va talablarini buzgan holatlarda ularga biriktirilgan murabbiylar, aybdorlik darajasidan kelib chiqib, egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy jazoga tortilishi; Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarining fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD), shuningdek, fan doktori yoxud fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga, professor yoki dotsent ilmiy unvonlariga ega bo‘lgan kafedra boshliqlari mehnatga haq to‘lash shartlariga ko‘ra, oliy taʼlim muassasasining kafedra boshlig‘i (mudiri)ga tenglashtirilishi maʼlum qilindi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l-patrul va patrul-post xizmati bo‘linmalari xodimlarini “Fuqarolar bilan ishlash moduli” bo‘yicha uzluksiz o‘qitish amaliyotini yo‘lga qo‘yish orqali ularning sohada samarali xizmat olib borishdagi shaxsiy masʼuliyati oshirilishi taʼkidlandi.
Bunda, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida alohida dastur asosida xodimlar har uch yilda bir marta o‘qitilib, maxsus sinovdan o‘tkazilishi hamda sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan xodimlarga kelgusida ushbu sohada xizmat qilish huquqini taʼminlaydigan sertifikat beriladigan bo‘lgani ham quvonarli holdir.
Ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yaratish maqsadida Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalarida jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblangan, soha olimlari, faxriylari va jurnalistlardan iborat jamoatchilik kengashlari tuzilishini alohida taʼkidlash joiz.
Qo‘shimcha IIV akademiyasi ichki ishlar organlari taʼlim va o‘quv muassasalarining pedagog kadrlarini, shu jumladan shartnoma asosida qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda IIV akademik litseylari - o‘quv-tayyorlov markazlarini tashkil etgan holda, ish vaqtidan tashqari paytda akademik litsey o‘qituvchilari tomonidan o‘quvchi va fuqarolar uchun ixtiyoriylik asosida qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish bo‘yicha pulli taʼlim xizmatlarini ko‘rsatish huquqi beriladigan bo‘ldi.
Qarorda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida ichki ishlar organlari taʼlim va o‘quv muassasalarining pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibini belgilash hamda ichki ishlar organlarida psixologik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yangi tizim joriy etish, uning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, mutaxassislarni xorijiy ilmiy va taʼlim muassasalarida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlarni belgilash ko‘rsatib o‘tilgani bilan ahamiyatlidir.
Albatta ushbu qaror Ichki ishlar xodimlarini xalqchil pofessional tuzilmaga aylantirish, xodimlarining aholi bilan yana-da yaqin hamkorlikda ishlash va ular bilan muloqotda madaniyatli bo‘lishlarini taʼminlashga, shu bilan birga sohada kadrlar salohiyatini oshirishga yaqindan yordam beradi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shu o‘rinda, viloyat bo‘ylab soha xodimlari o‘rtasida ushbu qarorning mazmun-mog‘yatini tanishtirishga qaratilgan tadbirlar ham izchillik bilan olib borilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, uning tarkibiy tuzilmalarini optimallashtirish, aholi osoyishtaligini taʼminlash, sohada korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar doimiy ravishda izchil davom ettirilib kelinmoqda.
Bu borada mamlakatimizda mavjud imkoniyat va salohiyat, keyingi yillarda orttirilgan tajriba va ilg‘or xorijiy yutuqlardan foydalangan holda, sohadagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarishga eng muhim vazifa sifatida qaralmoqda.
Xususan, “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan qoidani hayotga tatbiq etishda avvalo xalqqa eng yaqin kasb egalari sifatida ichki ishlar xodimlarining barchaga o‘rnak va namuna bo‘lishlari zarur deb bilamiz.
Tizimga zamonaviy texnologiyalar va ish uslublarni joriy etish, professional yetuk kadrlarni tayyorlash, soha xodimlarini ijtimoiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish kabi masalalarga alohida ahamiyat qaratilayotganiga javoban ham ichki ishlar tizimidagi islohotlarimizning amaliy natijasini sohaning har bir xodimi, avvalo, xalqimiz o‘zining kundalik hayotida sezishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etmog‘imiz lozimdir.
Umid UTAYEV,
Buxoro viloyati IIB o‘rinbosari, MMI va KBTX boshlig‘i, podpolkovnik