13 May 2023 yil 389

G‘ijduvon tumanida yoshlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining barvaqt oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlari olib borildi

Hududlarda yoshlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining barvaqt oldini olish maqsadida bugun, 13 may kuni viloyat IIB JXX masʼullaridan iborat ishchi guruh tomonidan 3-sektor hududiga qarashli G‘ijduvon tumanida qator mutasaddilar ishtirokida navbatdagi keng qamrovli profilaktik tadbirlar tashkil etildi.

Shu kuni tumanning umumiy o‘rta taʼlim maktablari rahbarlari va ularning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari — JXX boshlig‘i podpolkovnik Jonibek Boltayev tomonidan yoshlar, ayniqsa voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi ko‘ngilsiz hodisalar, huquqbuzarlik va jinoyatlar, shuningdek ular ishtirokida o‘g‘rilik, firibgarlik kabi salbiy illatlarning ildiz otishini oldini olishda mahalla faollarining roli muhimligi hamda bu borada tegishli chora-tadbirlarni uzviy hamkorlikda amalga oshirish zarurligi taʼkidlab o‘tildi.

Uchrashuvda yoshlar, ayniqsa voyaga yetmaganlar ishtirokida sodir etilgan bir qator salbiy holatlar tafsilotlari birma-bir bayon qilinib, qonunbuzarliklarning og‘ir oqibatlari tushuntirildi.

Shuningdek, taʼlim sohasidagi xodimlar tomonidan sodir etilgan tamagirlik, poraxo‘rlik, tovlamachilik va firibgarlik kabi korrupsion jinoyatlar, ularning huquqiy oqibatlari, jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan ko‘rilgan jazo choralari bilan bog‘liq holatlar chuqur tahlil qilindi.

Targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob olib, ularga huquqiy maslahatlar berildi.

Text to speech