11 Aprel 2023 yil 474

G‘ijduvon tumanida tibbiy ma’lumotnomani qalbakilashtirgan soha xodimi fosh etildi

G‘ijduvon tumani IIB tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, tuman Tibbiyot birlashmasi Xo‘jalik hisobidagi bo‘limi doyasi tumanning O‘zbekiston ko‘chasida yashovchi, 1983-yilda tug‘ilgan B.Sh. ismli ayol boshqa bir fuqaro bilan oldindan jinoiy til biriktirib, “Miopiya yuqori darajasi OD-Artifakiya (OKX) OS to‘r parda ko‘chishi (OKX)” tashxisi bilan II guruh nogironi hisoblangan R.D. ismli ayolni nogironlik ro‘yxatiga turishiga qaramay, 2012-yildan buyon muddatsiz ko‘rinishda uni tegishli shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazmasdan keladi va 2021-yil noyabr oyida uning nomiga “Haydovchilikka nomzodning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha” 083/h-sonli shakldagi tibbiy ma’lumotnoma tuzib berib, unda uning “B” toifadagi transport vositasini boshqarishga “yaroqli” ekanligi to‘g‘risida ko‘rsatib, R.D. ning haydovchilik guvohnomasi olishi uchun muayyan huquq beradigan rasmiy hujjatni qalbakilashtirgan.

Natijada esa fuqaro ushbu soxta ma’lumotlar kiritilgan tibbiy ma’lumotnomani viloyat IIB JXX YHXB 2-son tumanlararo ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limiga taqdim etib, haydovchilik guvohnomasi olishga erishgan.

Mazkur holat yuzasidan B.Sh. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 228-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech