G‘ijduvon tumanida o‘tkazilayotgan "Xavfsiz hudud" keng qamrovli profilaktik tadbirlari doirasida mahallalarga biriktirilgan masʼullar boshchiligida oila-turmush doirasidagi jinoyatlarni oldini olish borasida manzilli ishlar olib borilmoqda
Jumladan, Vobkent tumanining Qo‘qin mahallasida yashovchi er hamda G‘ijduvon tumanida istiqomat qiluvchi xotin o‘rtasida mavjud ko‘p yillik oilaviy nizo sabablari o‘rganildi.
Ushbu oila ayoliga himoya orderi berilgan va xonadonda mavjud nizo bir necha bor Vobkent tumani va G‘ijduvon tumanining mutasaddilari tomonidan muhokama qilingan.
Ushbu xonadon kelgusida oila turmush doirasida og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyat sodir etilishi mumkin bo‘lgan joy sifatida alohida nazoratga olingan.
Mazkur oiladagi muammolar va nizoning sabablarini aniqlash maqsadida bugun G‘ijduvon tumanining Mahallamirzayon mahallasiga masʼul etib biriktirilgan viloyat IIB Axborot xizmati boshlig‘i podpolkovnik Shuxrat Jalolov, tuman Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Niyoziy Boltayev hamda tuman prokurorining o‘rinbosari adliya kichik maslahatchisi Ulug‘bek O‘rinovlar 2-son IIB maʼmuriy binosida mutasaddi idoralar masʼullari, mahalla yettilik vakillari ishtirokida o‘rganish ishlarini olib bordi.
O‘rganish davomida, oilada mavjud barcha muammolar, er va xotin o‘rtasidagi nizoning tub sabablari chuqur tahlil qilindi.
Tomonlar eshitilib, mutasaddilarning taklif va tavsiyalari eʼtiborga olingan holda mazkur oilani "Obod va xavfsiz xonadon" tamoyili asosida ijobiy tomonga o‘zgartirish, muammolarini bartaraf etish, nizoning yechimiga doir manzilli tadbirlar belgilab olindi.
Bu kabi o‘rganishlar kelgusida sodir etilishi mumkin bo‘lgan qotillik va turli darajadagi tan jarohati bilan bog‘liq oila turmush doirasidagi jinoyatlarni oldini olishda ijobiy samara beradi, albatta.
Shu sababli, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga doir bunday o‘rganishlar belgilab olingan kontingent va reja asosida bosqichma-bosqich davom ettiriladi.