G‘ijduvon tumanining “Ko‘kcha” mahallasining cho‘l massivida joylashgan "Og‘itma" ovuli hududlarida barpo etilayotgan qo‘shma korxonalar ishchi xizmatchilari o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga qaratilgan keng qamrovli tezkor hamda profilaktik tadbirlar amalga oshirildi
Jumladan, joriy yilning 15 mart kuni erta tongdan Buxoro viloyati prokurori o‘rinbosari Aliakbar Pulatov hamda viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Bahodirxo‘ja Sharipovlar boshchiligida viloyat hamda tuman prokuraturasi, FVV Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Buxoro viloyati IIB Tergov boshqarmasi, JXX, TVBSO, YXXB, EKB, JQB, XPB va boshqa bir qator sohaviy xizmatlarning 100 nafardan ortiq masʼul xodimlaridan iborat yig‘ma otryad shakllantirilib, ular bilan alohida Yo‘riqnoma o‘tkazildi.
Yo‘riqnoma davomida, hudud aholisi hamda mazkur cho‘l massivida faoliyat olib borayotgan qo‘shma korxonalar ishchi xizmatchilari, chet ellik sarmoyador va mutaxassislari bilan yakka, umumiy hamda viktimologik profilaktik targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish, shuningdek, tezkor va xufyona surishtiruv tadbirlarini ham olib borish zarurligi tushuntirib o‘tildi.
Tezkor va profilaktik tadbirlar davomida ushbu hududda O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy, Saudiya Arabistoni, Hindiston hamda Turkiya davlati hamkorligida faoliyat olib borayotgan qo‘shma korxona va tashkilotlarning masʼul rahbarlari, ishchi xizmatchilari, ovulda istiqomat qiluvchi fuqarolar, cho‘l massivida chorvachilik bilan shug‘ullanib kelayotgan fermer va ularning cho‘ponlari ishtirokida bir qator tezkor hamda profilaktik tadbirlar amalga oshirildi.Ularga jinoyatchilikka qarshi kurashish, jinoyat va huquqbuzarliklarning jabrlanuvchisiga aylanib qolmaslik bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berilib, qo‘shma korxonalarga tegishli mol mulklarni asrab avaylash, qo‘riqlash va xavfsizlik tizimini kuchaytirish, ishchi va xizmatchilar ustidan idoraviy nazoratni olib borish, turli jinoiy tajovuzlarga qarshi kurashishda hududiy huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan zaruriy ko‘rsatma va maslahatlar berildi.Mazkur hududda faoliyat olib boruvchi qo‘shma korxonalarning mol mulklarini turli jinoiy tajovuzlardan asrab avaylash, ishchi va xizmatchilar, chet el fuqarolari bo‘lgan korxona rahbarlari va mutaxassis xodimlarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida alohida patrullik guruhlarini tashkil etish, ichki ishlar organlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning kuch-vositalarini hududga yaqinlashtirish yuzasidan alohida chora tadbirlar belgilab olindi.