Ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan xabar yuzasidan rasmiy maʼlumot
Joriy yilning 16 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Buxoroda maxsus texnika piyodani bosib ketdi” rukni ostida xabar tarqaldi
Ushbu holat yuzasidan quyidagilar maʼlum qilinadi.
2025 yilning 15 may kuni viloyat IIB 102 tizimiga Tez tibbiy yordam shifokori tomonidan Buxoro shahar markaziy bozori oldida YTH sodir bo‘lganligini bildirgan.
Olib borilgan kechiktirib bo‘lmas surishtiruv harakatlari davomida, shu kuni H.I. ismli shaxs o‘z boshqaruvida bo‘lgan XSMG XE60V rusumli ekskavatorni Ibn Sino ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib borayotgan vaqtida Buxoro shahar markaziy bozoridan chiqib yo‘lni kesib o‘tayotgan 1961 yilda tug‘ilgan ayolni ko‘rmay qolib bosib ketishi natijasida YTH sodir bo‘lgan. Natijada ayol voqea joyida vafot etgan. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK ning 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov yakuniga ko‘ra holatga huquqiy baho berilib, javobgarlikning muqarrarligi taʼminlanadi.
Hurmatli fuqarolar, ehtiyot bo‘ling. Yo‘llarda harakatlanayotgan vaqtda qoidalarga amal qiling.
Zero, yo‘l qoidasi umr foydasi.