Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan Buxoro shahrida sodir bo‘lgan “bezorilik” jinoyati keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi
Rasmiy sahifalarimiz orqali avval xabar berganimizdek, 2022 yilning 8-avgust kunidan 9-avgust kuniga o‘tar kechasi taxminan soat 23:00 larda Buxoro shahar Mustaqillik ko‘chasida yashovchi, 2002-yilda tug‘ilgan Sh.Sh., Jondor tumani Darveshi qishlog‘ida yashovchi 2001-yilda tug‘ilgan Y.Sh. va uning hamqishloq do‘sti R.J. lar, Buxoro shahar Sanoatchilar ko‘chasida joylashgan “Metan” siqilgan tabiiy gaz quyish shoxobchasi oldida jamiyatda yurish turish qoidalarini qasddan mensimasdan fuqaro H.M. bilan o‘zaro janjallashib, uni urib, do‘pposlab tan jarohati yetkazgan holda bezorilik jinoyatini sodir qilganlar.
Mazkur holat yuzasidan Sh.Sh., Y.Sh. va R.J. larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 277-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchilarga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Bugun, 15-avgust kuni Buxoro davlat universitetining anjumanlar zalida mazkur jinoyat sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar, uning kelib chiqish sabablari va jinoyat oqibatlari viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari Bobur Kamolov hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosarlari Erkin Safarov, Buxoro shahar IIO FMB masʼul rahbarlari tomonidan jinoyat sodir qilgan shaxslar istiqomat qilib kelayotgan mahallalar mutasaddilari, faol jamoatchilik vakillari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.
Masʼullar jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, shuningdek, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorlarining hududda huquqbuzarliklar va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirgan profilaktik tadbirlari va ularning natijalarini tanqidiy tahlil qilib, mutasaddilarning hisobotlarini tingladilar.
Muhokamada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektorlari, ichki ishlar organlari va boshqa mutasaddi idoralar tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar qattiq tanqid ostiga olindi.
Uchrashuvda mazkur jinoyatni viloyatning barcha shahar va tumanlari mahallalarida hamda mehnat jamoalarida jinoyatlar va ularning oqibatlarini taʼsirchan muhokama qilib, kelgusida og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni oldini olish maqsadida, “fuqarobay”, “oilabay” va “xonadonbay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.