20 Avgust 2023 yil 909

Jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha “Buxoro tajribasi” Buxoro shahrining "Razzoq Hamroyev" mahallasidan boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 10 – 11 avgust kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida viloyatda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, mahallalarda xavfsiz muhit hamda aholi osoyishtaligini taʼminlash borasida “Buxoro tajribasi”ni yaratishga doir topshiriq berilgan edi.

Davlat rahbarining ushbu topshirig‘i ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Maʼnaviy - maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash Departamenti boshlig‘i general-mayor Davron Nazarmuxamedov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatida o‘rganishlar olib bordi.

Ishchi guruhning o‘rganishlaridan kelib chiqib jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha “Buxoro tajribasi”ning loyihasi ishlab chiqilib, manzilli va bajarish muddatlari aniq belgilangan topshiriq bandlariga ega bo‘lgan yo‘l xaritasi ham tuzildi.

Ushbu yo‘l xaritasida belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan Buxoro shahridagi kriminogen vaziyati eng og‘ir bo‘lgan  “R.Hamroyev” nomli mahalla tanlab olinib, mazkur mahallani tajriba sifatida “jinoyatdan xoli mahalla”ga aylantirish choralari ko‘rilishi yuzasidan amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Bugun, 21 avgust kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i boshchiligida “R.Hamroyev” mahallasida yig‘ma otryad shakllantirilib keng qamrovli profilaktik tadbirlar tashkil qilindi.

Bunda ishchi guruh aʼzolari tomonidan jamoat joylari, tadbirkorlik obyektlari, taʼlim muassasalari, har bir xonadon xatlovdan o‘tkazildi.

Jarayonda uzoq muddatga ketgan va qaytib kelgan fuqarolar va ularning oila aʼzolari, muqaddam sudlangan, probatsiya hamda profilaktik hisobda turgan shaxslar bilan profilaktik suhbatlar tashkil qilindi.

“Razzoq Hamroyev” mahallasida bo‘lgan boshqarma boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan jinoyatchilikni olni olish borasida “Buxoro tajribasi”ning yaratilganini, jinoyatchilik salmog‘i ortgan “qizil” toifadagi ushbu mahallada o‘rganishlar olib borilib, huquqbuzarlik hamda jinoyatchilik sodir etilishining asl sabablari, unga turtki bo‘lgan omillar, mavjud kamchiliklarni birma bir tahlil qilib, ilmiy yondashuv asosida aniq va manzilli chora-tadbirlar belgilagan holda hududni tez orada jinoyatdan xoli “yashil” maskanga aylantirish kerakligini aytib o‘tdi.

Jarayonda, Milliy Gvardiya Buxoro viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan xonadon va savdo do‘konlarning xavfsizligini taʼminlovchi zamonaviy qo‘riqlov texnik vositalari hamda kuzatuv kameralarining ko‘rgazmali namoyishi tashkil etildi.

Taqdimot jarayonida yurt tinchligi, osoyishtaligi hamda jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning mol-mulklari xavfsizligini ishonchli taʼminlashda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, davlat boshqaruv organlari, ularning tarkibiga kiruvchi yuridik shaxslar, mulkchilik shakli turlicha bo‘lgan obyektlar va fuqarolarning yashash xonadonlarini ishonchli va sifatli qo‘riqlashda, hududda jinoyatlar sodir etilishini oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida taʼkidlandi.

“Razzoq Hamroyev” mahallasida keng qamrovli profilaktik tadbirlar davom etmoqda.

Text to speech