16 Avgust 2023 yil 809

Jinoyatlarni oldini olish bo‘yicha Buxoro tajribasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Bugun, 16 avgust kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Maʼnaviy - maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshlig‘i general-mayor Davron Nazarmuxamedov huzurida viloyatda sodir etilishi mumkin bo‘lgan huqubuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish borasida amaliyotga tadbiq etilayotgan "Buxoro tajribasi"ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotda boshqarma boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 10-11 avgust kunlari Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi davomida belgilab bergan vazifalarning ijrosini viloyatda samarali tashkil etish, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish, bu borada kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar yuzasidan tadbiq etilayotgan samarali loyihalar to‘g‘risida maʼlumot berdi.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Buxoro davlat universiteti o‘rtasida “Voyaga yetmaganlar, yoshlar va xotin-qizlar orasida jinoyat hamda huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar” xususida imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumiga ko‘ra tashkil etilgan «Psixologik va sotsiologik xizmat ko‘rsatish» ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar va ularning amalga oshirish mexanizmlari xususida so‘z yuritildi.

Shundan so‘ng, Buxoro viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshlig‘i podpolkovnik Umid Utayev tomonidan tizimda korrupsiyani oldini olishga qaratilgan yangi loyiha taqdimoti ham o‘tkazildi.

Unga ko‘ra shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilik talablariga rioya etilishi, xodimlarning xizmatga sovuqqonlik bilan qaramasliklari, poraxo‘rlik va taʼmagirlik hamda korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, vakolatdan chetga chiqmaslik, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala bo‘lishlari yuzasidan olib borilayotgan manzilli tadbirlar batafsil tushuntirildi.

Bugungi kunda jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarni oldini olishda targ‘ibot tadbirlarining samarasi juda yuqori bo‘lib, jinoyatning nimaga yetaklashini tushungan inson undan tiyilishga harakat qiladi.

Shundan kelib chiqib boshqarma boshlig‘ining tashabbusi bilan viloyatning barcha shahar va tumanlarida, mahallalar hududida voyaga yetmaganlar, yoshlar hamda xotin-qizlar jinoyatchiligi, o‘g‘irlik va firibgarlik, tan jarohati bilan bog‘liq jinoyatlar, yo‘l transport hodisalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilayotgan turli jinoyatlar, ayniqsa plastik kartalaridan pul yechib olish va o‘g‘irlash bilan bog‘liq jinoyatlarni oldini olish hamda bu turdagi jinoyatlarning sodir etilishiga imkon berayotgan omillar, tub sabablar hamda ularning oqibatlari, aholining huquqiy ongi va savodxonligini oshirish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish maqsadida "Mobil targ‘ibot guruh" larining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Taqdimot jarayonida ushbu mobil targ‘ibot guruhlari mahallalarga bevosita tashrif buyurib, odamlar gavjum bo‘ladigan joylarda Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati tomonidan tayyorlangan targ‘ibot video roliklarini namoyish qilgan holda, yuqorida aytib o‘tilgan jinoiy unsurlar to‘g‘risida aniq misollar orqali tushuntirishlar berilib, shu orqali aholining huquqiy madaniyatini oshirish mumkinligi to‘g‘risida hae maʼlumotlar taqdim etildi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari loyihalar taqdimotidan kelib chiqib o‘z fikr va mulohazalarini, takliflarini bildirib, ushbu loyihalarni yana-da mukammalashtirib respublikaning boshqa hududlariga ham joriy etish kerakligi to‘g‘risida ko‘rsatmalar berdi.

Text to speech