Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi yuqori darajaga ko‘tariladi
Mamlakatimizda yo‘l-transport hodisalari sonini kamaytirish, ushbu sohadagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish yo‘nalishida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shunga qaramay, yo‘l harakati xavfsizligi sohasida qator muammolar mavjud. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining joriy yil 20-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida birinchi o‘qishda qabul qilingan “Yo‘l harakatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida mana shu muammolar yechimi aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Hozirda ushbu hujjat Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda. Xususan, qo‘mita aʼzolari qonun loyihasini yana-da takomillashtirish bo‘yicha keng jamoatchilikni taklif va mulohazalarini eʼtiborga olish maqsadida joylarda turli tadbirlar o‘tkazmoqda.
Ushbu tadbirlarda deputatlar tomonidan mazkur qonun loyihasining mazmun-mohiyati keng jamoatchilikka tushuntirilyapti. Shu bilan birga, qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha berilgan bir qator takliflar eʼtiborga olinmoqda.
Joriy yilning 29-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi aʼzolari, deputatlar Buxoro viloyat IIB JXX YHXB faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Taʼkidlanganidek, ushbu qonun loyihasida yo‘l harakatini tashkil etishning asosiy prinsiplari, yo‘l harakatini tashkil etish sohasidagi davlat boshqaruvi, avtomobil yo‘li egasining huquq va majburiyatlari, yo‘l harakatini tashkil etishga qo‘yiladigan umumiy talablar, yo‘l harakati monitoringini olib borish, yo‘l harakatini tashkil etish samaradorligini taʼminlash, to‘xtab turish joylariga qo‘yiladigan talablar, kapital qurilish obyektlarida yo‘l harakatini tashkil etish tartibi belgilab qo‘yilmoqda.
Shuningdek, yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki, yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha hujjatlarga qo‘yiladigan umumiy talablar, yo‘l harakatini tashkil etishning loyihalarini ishlab chiqish tartibi va yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish kabi yo‘nalishlar o‘z aksini topmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha Davlat boshqaruvi va vakolatli organlar o‘rtasida samarali hamkorlik qilish tizimlarini yaratish, yo‘l harakati xavfsizligi yuqori darajaga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Uchrashuv davomida deputatlar tomonidan ko‘tarilgan barcha savollarga soha mutaxassislaridan batafsil javoblar olindi.