"Keksalar haftaligi" doirasida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov boshchiligidagi masʼullar viloyat ichki ishlar organlarining tezkor-qidiruv xizmatida samarali mehnat qilgan faxriylar holidan xabar oldilar
Bugungi kunda, butun viloyatimiz bo‘ylab 1-oktabr "Ustoz va murabbiylar kuni" tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
Ushbu bayram munosabati bilan Buxoro viloyati ichki ishlar organlari ustoz va faxriy xodimlari bilan samarali ishlash borasida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining alohida Farmoyishi asosida "Keksalar haftaligi" chora tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, keng ko‘lamli va manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur haftalik doirasida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i boshchiligida barcha toifadagi rahbarlar tomonidan viloyat ichki ishlar organlarida uzoq yillar el-yurt tinchligi yo‘lida xizmat qilib, bir necha shogirdlarga ustozlik qilgan faxriylarning holidan xabar olish, ularga har tomonlama ko‘mak berish, mavjud muammolarini aniqlab bartaraf etish, yosh xodimlarning kasbiy bilim, sir asrorlarini puxta egallashlari uchun “ustoz-shogird” anʼanalarini uzviy yo‘lga qo‘yish maqsadida xonadonlariga borib ularning holidan xabar olinmoqda va ustoz-murabbiylar ishtirokida turli uchrashuvlar hamda davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, bugun ham boshqarma boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov boshchiligidagi masʼullar tomonidan ko‘p yillar tezkor qidiruv xizmatida samarali mehnat qilib, hozirgi kunda nafaqa gashtini surayotgan isteʼfodagi podpolkovniklar Qurbonov Hamza Erkinovich hamda Rajabov Erkin Saidovichlar holidan xabar olindi.
Samimiy suhbatda, ushbu faxriy ustozlarning xizmat yo‘llari, bugungi kunda ichki ishlar organlari xodimlari uchun yaratib berilayotgan shart sharoitlar va imkoniyatlar xususida muloqot qilindi.
Faxriylar ham o‘z o‘rnida ularga qaratilayotgan yuksak eʼtibordan ko‘ngillari shod bo‘lib, o‘z minnatdorliklarini bildirishdi.
Bu kabi tadbirlar Buxoro viloyati bo‘ylab davom etmoqda.