“Keksalar haftaligi” doirasida faxriylar kengashi aʼzolari uchun Buxoro viloyati IIBning “Jasorat” tarixiy muzeyi bo‘ylab sayohat tashkil etildi
Hayotda ko‘pni ko‘rgan, yillar sinovida toblanib, boy amaliy tajriba to‘plagan faxriylarning o‘git va maslahatlari yoshlar uchun chinakam ibrat maktabi hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, ichki ishlar organlarida ham “ustoz-shogird” anʼanasini yo‘lga qo‘yish, faxriylar va yosh xodimlar ishtirokida uch avlod uchrashuvlarini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ichki ishlar vazirining joriy yil 28-sentyabr kunidagi “Ichki ishlar organlarida xizmat intizomi va xodimlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish bo‘yicha targ‘ibot guruhlarini tashkil etish to‘g‘risidagi”gi farmoyishi ijrosini taʼminlash maqsadida o‘tkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda ham ushbu ezgu maqsad mujassamdir.
“Keksalar haftaligi” doirasida faxriylar kengashi aʼzolari uchun viloyat IIV boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev boshchiligida IIV Buxoro akademik litseyida joylashgan Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasining “Jasorat” tarixiy muzeyi bo‘ylab sayohat tashkil etildi.
Unda harbiy xizmatchilar va o‘quvchilar O‘rta Osiyo, xususan, Buxoroning qadimgi davlatchilik xavfsizligidan boshlab, bugungi kunga qadar hududiy xavfsizlik va xalq osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilgan fidoyilar, ularning faoliyat yo‘li, o‘tgan har bir davrning voqea-hodisalarini o‘zida mujassam etib, uzoq tarixdan so‘zlovchi ko‘rgazmalar bilan yaqindan tanishdilar.
Qolaversa, Ichki ishlar vazirligi faxriylar kengashi raisi o‘rinbosari va aʼzolari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi Faxriylar kengashi aʼzolari, ichki ishlar organlarida ko‘p yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan tajribali xodimlar yoshlarga o‘z tajribalari, Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat, xizmat intizomiga rioya qilish, halollik, fuqarolar bilan muomala madaniyati borasida so‘z bordi.
Bu kabi xayrli tadbirlar “ustoz-shogird” anʼanasining amaldagi ifodasi sifatida keksalar tajribasini yoshlar shijoati bilan uyg‘unlashtirishga, shu asosda soha xodimlarining qalbidagi Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat tuyg‘ularini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.