21 May 2025 yil 1538

Kogon shahrida jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquq-tartibotni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi

Yurtboshimiz tomonidan mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va faol fuqarolik jamiyatini barpo etish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash hamda jinoyatchilikning oldini olishni samarali tashkil etish borasida izchil siyosat olib borilmoqda.

Xususan, 2025 yil 3 yanvarda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2025 yilda Respublika mahallalarlarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 1-sonli Qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur qaror ijrosini taʼminlash, mahallalarda xavfsizlik muhitini yaratish tizimini tubdan yaxshilash, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va profilaktik choralarni kuchaytirish maqsadida Buxoro viloyatida keng qamrovli tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan hududlarga chiqqan holda haqiqiy ahvol o‘rganilib, aniqlangan muammolar yuzasidan manzilli choralar ko‘rilmoqda.

Dastlab Kogon shahrining Xo‘jabargi” mahallasiga yetib borgan masʼullar hududda jinoyatchilik holati, profilaktik tadbirlar samaradorligini tanqidiy tahlil qilib, PQ-1-son va Vazirlar Mahkamasining 801-sonli Qarorlarida belgilab berilgan vazifalarning ijrosi yuzasidan masʼullarning hisobotlarini tingladilar.

Ushbu mahallada “Buxoro tajribasi” asosida profilaktika katta inspektorlariga xizmatda foydalanish uchun berilgan uchuvchisiz uchish qurilmalari (dronlar)dan foydalanish amaliyoti va bunda qurilmaning imkoniyatlari ko‘rsatib berildi.

Ichki ishlar bo‘limida bo‘lgan mutasaddilar maʼmuriy binoga kirish chiqish Nazorat o‘tish punktida xavfsizlik qoidalariga rioya qilinayotganligi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish xonasida fuqarolar uchun yaratilgan shart sharoitlarni birma-bir ko‘zdan kechirdilar.

Navbatchilik qismida esa “E-Material” elektron platformasiga yuklangan materiallarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, mavjud muammolar va yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklar tahlil qilindi.

O‘rganish natijalari yuzasidan o‘tkazilgan yakuniy yig‘ilishda joriy yilning 22–29 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatida o‘tkazilgan kompleks inspektorlik tekshiruvi natijalari muhokama qilindi. Aniqlangan kamchiliklar tahlil qilinib, soha rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Muhokama davomida o‘tgan davrda Kogon shahrida qayd etilgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularning sodir etilish omillari, jinoyatlarning shaxslar toifalari kesimida tahlil etildi. Shu asosda jinoyatchilikni kamaytirish va xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilandi.

Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirining alohida Farmoyishi asosida Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Qoradori-2025” hamda viloyat IIB boshlig‘ining farmoyishi asosida o‘tkazilayotgan “Nazorat” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlari doirasida Kogon shahrida  amalga oshirilgan ishlar va dastlabki natijalar ham tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda ish natijalari past bo‘lgan bir qator masʼullarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini ko‘rish, yuqori samara ko‘rsatgan xodimlarni rag‘batlantirish yuzasidan kiritilgan takliflar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.

Shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat va ijro intizomini mustahkamlash, qonunbuzarliklarning oldini olish hamda tizimda korrupsiyaga nisbatan murosasizlikni kuchaytirishga doir manzilli ko‘rsatmalar berildi.

Kogon shahrida o‘tkazilgan mazkur o‘rganish tadbirlari nafaqat mavjud holatni tahlil qilish, balki tizimdagi samaradorlikni oshirish, profilaktik choralarni kuchaytirish, jinoyatchilikning oldini olishda yangi texnologiyalar va yondashuvlarni joriy etish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.

Bunday tizimli va manzilli o‘rganishlar Buxoro viloyatining qolgan shahar va tumanlarida ham izchillik bilan davom ettiriladi.

Text to speech