18 Iyun 2025 yil 1558

Kogon shahrining “Beruniy” MFY sida jinoyatchilikning «mahallabay» muhokamasi o‘tkazildi.

Buxoro viloyati hududlarida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida yaratilgan "Buxoro tajribasi" asosida jinoyatchilikning "mahallabay" muhokamasi yo‘lga qo‘yilgan.

Jinoyatchilikning navbatdagi «mahallabay» muhokamasi Kogon shahrining kriminogen vaziyati og‘ir «Beruniy» mahallasida o‘tkazildi.

Muhokamada viloyat prokurori hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosarlari, huquq-tartibot organlari masʼullari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha viloyat hamda hududiy idoralararo komissiyasiga aʼzo tashkilotlar mutasaddilari, ushbu mahallalar “yettilik” vakillari hamda aholisi ishtirok etdi.

Mazkur muhokama yig‘ilishida, ushbu mahallada vujudga kelgan kriminogen vaziyat, joriy yilning bugungi kuniga qadar sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, unga omil bo‘lgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilinib, jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar xususida so‘z yuritildi.

Jarayonda, mutasaddilarga “Buxoro viloyati hududida jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha hamkorlikdagi profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirish to‘g‘risida” gi Qo‘shma qaror talablaridan kelib chiqib, joriy yilning 10 iyun kunidan 10 iyul kuniga qadar o‘tkazilishi belgilangan “Xavfsiz hudud – dolzarb 30 kunlik” tadbirlarini samarali tashkil etish yuzasidan birinchi navbatda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ijtimoiy profilaktik tadbirlar xususida zaruriy ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Bu kabi tadbirlar tasdiqlangan grafik asosida barcha hududlarda navbati bilan amalga oshiriladi.

Text to speech