3 Iyun 2023 yil 492

Kogon shahrida kriminogen vaziyati og‘ir mahalla jinoyatchiligi joyida muhokama etildi

Xabaringiz bor, viloyat 3-sektor rahbari, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarning natijadorligi, ayniqsa, kriminogen vaziyati og‘ir, jinoyatlar ko‘p sodir etilgan “qizil” toifali mahallalarga borib, jinoyatchilik holatini joyida muhokama qilib bormoqda.

Jumladan, jinoyatchilikning navbatdagi “mahallabay” muhokamasi Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov tomonidan viloyat IIB mutasaddilari, shahar hokimi, qator mas’ullar, va mahalla mutasaddilari ishtirokida kriminogen vaziyati og‘ir deya baholangan Kogon shahar “Beruniy” mahallasida o‘tkazildi.

Mazkur mahallada joriy yilning bugungi kuniga qadar 1 ta qotillik, 2 ta o‘g‘irlik va 1 ta aliment to‘lovidan bosh tortish bilan bog‘liq jami 4 ta jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, ushbu mahallada kriminogen vaziyat og‘irlashgan.

Boshqarma boshlig‘i tomonidan masʼullar ishtirokida o‘tkazilgan muhokama jarayonida mahallada sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining hisobotlarini tingladi.

Xususan, joriy yilning 28-may kuni soat 17:20 larda Kogon shahar “Beruniy” mahallasi Turkiston ko‘chasida yashovchi, 1992-yilda tug‘ilgan X.Sh. ismli erkak yashash xonadonida turmush o‘rtog‘i 1991-yilda tug‘ilgan X.G. ismli ayol bilan oilaviy kelishmovchilik sababli janjallashib, janjal natijasida uni qo‘lida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan tanasining turli sohalariga bir necha marotaba urib, og‘ir tan jarohati yetkazishi natijasida X.G. olgan og‘ir tan jarohati bilan voqea joyiga vafot etgani holatining sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlarni birma-bir tahlil qilindi.

Muhokamada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida sektor rahbari, mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektori va boshqa mutasaddi idoralar tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Mahallada kelgusida og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi, ayniqsa oila turmush doirasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni oldini olish maqsadida, “fuqarobay”, “oilabay” va “xonadonbay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi, hududiy Ichki ishlar bo‘limining tajribali xodimlaridan iborat yig‘ma otryad faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Text to speech