15 Iyul 2023 yil 488

Buxoroda noqonuniy yer oldi-sotdisi bilan bog‘liq faoliyat bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi

Kogon tumani Qishloq xo‘jalik bo‘limi masʼul xodimi, Buxoro tumanida yashovchi, 1996-yilda tug‘ilgan Q.O. ismli shaxs hamda “Nurafshon” MFY hokim yordamchisi, 1993-yilda tug‘ilgan T.B. lar oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, boshqa bir fuqaroni aldab, ishonchini suiisteʼmol qilib, vakolatli tanishlari orqali, unga Kogon tumani hokimligi zaxirasida turgan, “O‘rtacho‘l” mahallasi hududida joylashgan bo‘sh yer maydonlaridan 40 gektarini auksion savdolar orqali olib berish evaziga 10 ming AQSH dollarini pora tariqasida berishga dalolat qilgan.

Joriy yilning 11-iyul kuni Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda Departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu jinoiy guruhning Buxoro tumani Ko‘chkamar qishlog‘ida joylashgan “Avtomobillarni yuvish shoxobchasi” oldida kelishilgan puldan 5 ming AQSH dollarini fuqaro I.A. orqali olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan fuqarolar Q.O. va T.B. larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi hamda 28 orqali 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech