3 Iyun 2023 yil 441

Kogon tumanida sodir etilgan og‘ir tan jarohati etkazish bilan bog‘liq jinoyat keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi

Avval xabar berganimizdek, viloyat IIB mas'ullari hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarning natijadorligi, ayniqsa, kriminogen vaziyati og‘ir, jinoyatlar ko‘p sodir etilgan “qizil” toifali mahallalarga borib, jinoyatchilik holatini joyida muhokama qilib bormoqda.

Jumladan, jinoyatchilikning navbatdagi “mahallabay” muhokamasi Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i podpolkovnik Jonibek Boltayev tomonidan viloyat IIB mutasaddilari, tuman hokimi, qator mas’ullar va mahalla mutasaddilari ishtirokida Kogon tumani “B.Naqshband” mahallasida o‘tkazildi.

Mazkur mahallada joriy yilning bugungi kuniga qadar birorta ham jinoyat sodir etilmagan bo‘lib, ammo kuni kecha odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyat sodir etilib, ushbu mahallada kriminogen vaziyat og‘irlashgan.

Boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari tomonidan masʼullar ishtirokida o‘tkazilgan muhokama jarayonida mahallada sodir etilgan jinoyatning kelib chiqish sabablari, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining hisobotlari tinglandi.

Xususan, joriy yilning 29-may kuni soat 22:30 larda Kogon tumani “Sorg‘un” mahallasida yashovchi, 2002-yilda tug‘ilgan A.L. ismli erkak tumanning “B.Naqshband” mahallasi Kulolon qishlog‘ida joylashgan mini futbol maydonchasida o‘zaro futbol o‘yini vaqtida mahalladoshi, 1996-yilda tug‘ilgan H.O. ismli tanishi bilan janjallashib, janjal vaqtida uning yuz sohasi va tanasining duch kelgan joyiga urib, tepib, og‘ir tan jarohati yetkazishi natijasida fuqaro H.O. voqea joyiga vafot etgani holatining sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilindi.

Muhokamada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida sektor rahbari, mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektori va boshqa mutasaddi idoralar tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Mahallada kelgusida og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi, ayniqsa oila turmush doirasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni oldini olish maqsadida, “fuqarobay”, “oilabay” va “xonadonbay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi, hududiy Ichki ishlar bo‘limining tajribali xodimlaridan iborat yig‘ma otryad faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Text to speech