25 Noyabr 2022 yil 783

Kogonda bankir imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan

Kogon shahar Ichki ishlar bo‘limi tergov bo‘limi tomonidan berilgan maʼlumotga ko‘ra, Buxoro shahar B.Naqshband ko‘chasida yashovchi 1983-yilda tug‘ilgan «Mikrokreditbank» ATB Kogon Bank xizmatlari mutaxassisi lavozimida ishlab kelgan shaxs, o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 oktyabrdagi PQ-4498-sonli “Har bir oila-tadbirkor dasturi doirasida kreditlar ajratish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari asosida «Mikrokreditbank» ATB Kogon BXM bilan tuzilgan 2020 yil 14 sentyabrdagi 187-sonli kredit shartnomasiga asosan, Kogon tumanida istiqomat qiluvchi bir fuqaroga ajratilgan 30.000.000 so‘m ijtimoiy kredit mablag‘larini hujjatlashtirib berish jarayonida, soliq to‘lovi va boshlang‘ich to‘lov sifatida deb 4.700.000 so‘m talab qilib, aldov yo‘li bilan ushbu pullarni qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, u yana bir fuqaroga «Mikrokreditbank» ATB Kogon BXM bilan tuzilgan 2020 yil 9 noyabrdagi 277-sonli kredit shartnomasiga asosan rasmiylashtirilgan 22.500.000 so‘m mikroqarz mablag‘laridan 1.800.000 so‘m ortiqcha to‘lovni aldov yo‘li bilan undirish orqali qo‘lga kiritgan.

Bundan tashqari u o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, yana bir fuqaroni aldab va o‘ziga bo‘lgan ishonchini suiisteʼmol qilib, «Mikrokreditbank» ATB Kogon BXM bilan tuzilgan 2021 yil 12 yanvardagi 2-sonli kredit shartnomasiga asosan ajratilgan 30.000.000 so‘m ijtimoiy kredit mablag‘larini o‘zi to‘lab berishini aytib qo‘lga kiritib, ushbu kreditdan 15.000.000 so‘mini to‘lab, qolgan 15.000.000 so‘m pullarni to‘lamasdan, ushbu pullarni o‘zining ehtiyojlari uchun sarflab, takroran firibgarlik jinoyatini sodir qilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK ning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, bank xizmatlari mutaxassisi bo‘lgan ushbu shaxsning boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech