Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzgan shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan qo‘shimcha rasmiy maʼlumot
Buxoro viloyati IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar davomida, Jondor tumanida yashovchi, 2007-yilda tug‘ilgan Z.M. joriy yilning 13 may kunidan 12 noyabr kuniga qadar “Binance” platformasi (O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan) orqali kripto-aktivlar aylanmasi bilan qonunga xilof tarzda shug‘ullanganligi aniqlangan.
Jumladan, Z.M. onasining nomidagi elektron pochta manzili va telefon raqam orqali “Binance” platformasidan ro‘yxatdan o‘tgan holda “M....n_...0” nomi bilan hisob raqami ochib, 7 oy davomida platformada jami 34 mlrd. so‘m atrofidagi mablag‘larni “p2p” (kartadan kartaga) ko‘rinishida “USDT” kripto-aktivga noqonuniy olish–sotish orqali mingdan ortiq nomaʼlum hisob raqamlarga yo‘naltirib kelgan.
Z.M.ning hisob raqamida noqonuniy aylangan mablag‘larning aksariyat qismi pensiya pullari, oylik, onlayn kredit sifatida fuqarolarning bank kartalariga tushgan elektron mablag‘lar ekanligi to‘g‘risida dastlabki maʼlumotlar aniqlangan bo‘lib, bu borada tekshiruvlar o‘tkazilmoqda.
Hurmatli fuqarolar ogoh bo‘ling! Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik mavjud.
Aziz ota-onalar farzandlarimiz tarbiyasiga befarq bo‘lmaylik, ularni turli huquqbuzarliklar sodir etishlaridan asraylik. Ichki ishlar organlari bu borada aholimizga tunu-kun ko‘maklashishga tayyor.
Maʼlumot uchun, qonunchilikda 2023 yil 1 yanvardan boshlab kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni milliy provayderlar orqali amalga oshirish mumkinligi belgilangan.