24 Dekabr 2022 yil 1056

Kumushkent: Buxoroda kriminogen vaziyati og‘ir mahalla jinoyatchiligi joyida muhokama etildi

Xabaringiz bor, viloyat 3-sektor rahbari, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarning natijadorligi, ayniqsa, kriminogen vaziyati og‘ir, jinoyatlar ko‘p sodir etilgan “qizil” toifali mahallalarga borib, jinoyatchilik holatini joyida muhokama qilib bormoqda.

Jumladan, bugun, 24 dekabr kuni jinoyatchilikning navbatdagi «mahallabay» muhokamasi Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev tomonidan viloyat IIB mutasaddilari, tuman hokimi, qator masʼullar, va mahalla mutasaddilari ishtirokida kriminogen vaziyati og‘ir deya baholangan Vobkent tumani «Kumushkent» mahallasida o‘tkazildi.

Mazkur mahallada joriy yilning bugungi kuniga qadar 1 ta qotillik, 2 ta firibgarlik, 2 ta aliment to‘lovidan bosh tortish, 1 ta yo‘l transport hodisasi va 1 ta tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jami 7 ta jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, ushbu mahallada kriminogen vaziyat og‘irlashgan.

Boshqarma boshlig‘i tomonidan masʼullar ishtirokida o‘tkazilgan muhokama jarayonida mahallada sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining hisobotlarini tingladi.

Jinoyatlarning sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlarni birma-bir tahlil qildi.

Muhokamada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida sektor rahbari, mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektori va boshqa mutasaddi idoralar tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Mahallada kelgusida og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi, ayniqsa oila turmush doirasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni oldini olish maqsadida, “xonadonbay”, “oilabay” va “fuqarobay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi, hududiy Ichki ishlar bo‘limining tajribali xodimlaridan iborat yig‘ma otryad faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Text to speech