21 May 2025 yil 336

Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarlik va jinoyatlardan xoli hududga aylantirish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida Kogon tumanida qanday manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda

Buxoro viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha islohotlar yangi bosqichga chiqmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan Kogon tumanida manzilli va keng qamrovli o‘rganish ishlari olib borildi.

Tadbir doirasida dastlab Ichki ishlar bo‘limi navbatchilik qismida bo‘lgan masʼullar “E-material” elektron platformasiga kelib tushayotgan kundalik materiallar, ularni ko‘rib chiqish hamda qonuniy qarorlar qabul qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, platformaning qulayliklari, imkoniyatlarini birma-bir tahlil qilib, aniqlangan muammolar va tizimli kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan manzilli ko‘rsatmalar berdilar.

Keyingi manzil “Geofizika” mahallasida jinoyatchilik holati, mavjud muammolar, profilaktik tadbirlar samaradorligi atroflicha tahlil qilindi. PQ-1-sonli qaror va Vazirlar Mahkamasining 801-sonli qarorlarida belgilab berilgan vazifalar ijrosi bo‘yicha masʼullarning hisobotlari tinglandi.

Ushbu mahallada zamonaviy texnologiya — uchuvchisiz uchish qurilmalari (dronlar)dan foydalanish tajribasi ham o‘rganildi. Qurilma orqali amalga oshirilayotgan kuzatuv ishlari, aniqlangan huquqbuzarlik holatlari va ushbu texnologiyaning afzalliklari muhokama etildi.

Shu bilan birga “Geofizika” mahallasining “Sharq” ko‘chasida joylashgan “Namunali xavfsiz ko‘cha” hamda “Namunali xavfsiz yo‘lak” loyihalari doirasida amalga oshirilgan ishlar joyida o‘rganildi.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha tashkil etilgan yig‘ilishda mart oyida viloyatda o‘tkazilgan kompleks inspektorlik tekshiruvi natijalari, “Xavfsiz va sog‘lom yurt” hamda “Qoradori – 2025” profilaktik tadbirlari doirasidagi ishlar tanqidiy tahlil etildi. Jinoyatlarning sabablari, ularga taʼsir qiluvchi omillar va ularni sodir etgan shaxslar toifalari aniqlanib, tahliliy xulosalar chiqarildi.

Yig‘ilishda ish natijalari past bo‘lgan bir qator masʼullarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini ko‘rish, yuqori samara ko‘rsatgan xodimlarni rag‘batlantirish yuzasidan kiritilgan takliflar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.

Shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat va ijro intizomini mustahkamlash, qonunbuzarliklarning oldini olish hamda tizimda korrupsiyaga nisbatan murosasizlikni kuchaytirishga doir manzilli ko‘rsatmalar berildi.

Qaror ijrosini to‘liq taʼminlash maqsadida viloyatning barcha tuman va shaharlarida bu kabi tadbirlar bosqichma-bosqich o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Text to speech