14 May 2025 yil 424

Mahallalarda xavfsiz muhitni taʼminlash borasidagi ishlarning navbatdagi o‘rganish tadbirlari Vobkent tumanida o‘tkazildi

Buxoro viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i rahbarligida o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda o‘tkazilayotgan navbatdagi o‘rganish tadbirlari Vobkent tumanida davom ettirildi.

Dastlab, "Charmgaron" mahallasida “yettilik” aʼzolari ishtirokida, PQ-1-sonli qaror hamda Vazirlar Mahkamasining 801-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida mahalladagi jinoyatchilik holati, profilaktik tadbirlar samaradorligi, mavjud muammolar va tizimli kamchiliklar muhokama qilindi.

Shundan so‘ng, Do‘stlik mahallasining Do‘stlik va Ahmad Donish ko‘chalarida amalga oshirilgan “Namunali xavfsiz ko‘cha” hamda “Namunali xavfsiz yo‘lak” loyihalari doirasida amalga oshirilgan ishlar ko‘zdan kechirildi.

O‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda, joriy yilning 22–29 mart kunlari Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan viloyatda o‘tkazilgan kompleks inspektorlik tekshiruvi natijalari va ular yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosi, respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” hamda “Qoradori – 2025” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlari doirasida tumanda amalga oshirilgan ishlar natijalari birma-bir muhokama qilindi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan masʼul soha rahbarlarining hisobotlari tinglandi. Jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularga taʼsir qiluvchi omillar, jinoyat turlari hamda jinoyat sodir etgan shaxslar toifalari tahlil qilinib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Yakunda ish natijalari past bo‘lgan bir qator masʼullarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qo‘llash hamda yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan 5 nafar xodimlarni rag‘batlantirish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat va ijro intizomini mustahkamlash, qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tushuntirish ishlari ham olib borilib, tizimda korrupsiogen holatlarga nisbatan murosasizlik tuyg‘usini kuchaytirish borasida manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mazkur o‘rganish ishlari qolgan tuman va shaharlarda ham davom ettiriladi.

Text to speech