“Mahallabay” ishlashning yangicha tizimi Kogon tumani Sorg‘un mahallasida amalga oshirilmoqda
Buxoro viloyati Kogon tumani “Sorg‘un” mahallasida Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani tajribasi misolida “mahallabay” ishlashning yangicha tizimi asosida aholi muammolari va hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar o‘rganilmoqda.
Ishchi guruh aʼzolari tuman hududini mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, har bir xonadonning sharoiti bilan tanishishmoqda. Aholini qiynab kelayotgan muammolar va mahallalardagi yechimini kutayotgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalar o‘rganilib, ularni tezkor va samarali hal qilish choralari ko‘rilmoqda.
Ushbu jarayonda asosiy eʼtibor og‘ir ijtimoiy ahvoldagi, yakka-yolg‘iz, surunkali kasalliklarga chalingan va nogiron, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarni qiynayotgan masalalar yechimiga qaratilmoqda. Viloyat 3-sektor, Ichki ishlar hamda Soliq boshqarmalarining masʼul rahbarlari boshchiligidagi ishchi guruh bevosita tumanning 3-sektoriga qarashli mahallalar, jumladan chekka hududlardagi qishloqlarda bo‘lib, o‘sha yerda mahalla faollari, oqsoqollar, keksa nuroniylar, faollar bilan uchrashib, ularni qiynab kelayotgan muammolar, xususan kuz-qish mavsumiga ko‘rilgan tayyorgarlikning ahvoli, mavsumni betalafot o‘tkazish, bunda ayniqsa aholini tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi bilan uzluksiz taʼminlash, ko‘mir yetkazib berish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish, mavsum davomida elektr energiyasi va tabiiy gaz resurslaridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish hamda is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq holatlarni oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazmoqda.
Bu kabi o‘rganish ishlari viloyatning 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon, Shofirkon va Vobkent tumanlari hamda barcha shahar va tumanlarning 3-sektorlariga qarashli mahallalarda davom ettirilmoqda.