“Mahallabay” tizim asosidagi manzilli tadbirlar olis hududlarda ham davom ettirilmoqda
Maʼlumki, Buxoro viloyatida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda keng ko‘lamli obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, shu bilan birgalikda huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda jinoyatchilikka qarshi kurashning “mahallabay”, “xonadonbay” va “fuqarobay” tizimi asosida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilib, ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Jumladan, viloyat 3-sektori rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov boshchiligida hamkor tashkilotlar masʼullaridan iborat ishchi guruh tomonidan joriy yilning 27-iyun kunidan boshlab, mamlakatimizda keng nishonlanayotgan “Qurbon hayiti” bayrami munosobati bilan viloyatning 3-sektoriga qarashli tumanlar, hamda barcha shahar va tumanlarning 3-sektoriga qarashli mahallalarda amaliy ishlar boshlab yuborilgan edi.
Bunday ishlarning navbatdagi manzili viloyatning eng olis aholi punktlaridan Romitan tumanining Gazli shaharchasi hamda unga tutash Peshku tumanining 3-sektoriga qarashli “Jongeldi” mahallasi bo‘ldi.
Bu manzillarda bo‘lgan masʼullar hudud mutasaddilarining ish natijalarini o‘rganishdi,bundan tashqari uyma-uy yurib, aholining mavjud muammolarini yaqindan o‘rgandilar.
Tuman markazidan 200 kilometr uzoqlikda istiqomat qilib kelayotgan ushbu olis manzillar aholisi uchun oziq ovqat yarmarkasi tashkillashtirilib, fuqarolar talab va istaklaridan kelib chiqib, arzonlashtirilgan narxlarda 7 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari hamda boshqa ehtiyoj mollari yetkazib berildi.
Shuningdek, 10-sonli farmon ijrosi yuzasidan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar, profilaktika inspektorining xizmat faoliyati va uning xizmat uyida yaratilgan sharoitlar bilan ham yaqindan tanishildi.
Bu boradagi ishlar viloyat bo‘ylab barcha hududlarning 3-sektoriga qarashli mahallalarida davom ettirilmoqda.