Mamlakatimiz bo‘ylab “Vatan uchun, Millat uchun, Xalq uchun!“ shiori ostida keng miqyosda nishonlanayotgan Vatanimiz mustaqilligining 34 yillik bayram munosabati bilan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida ham tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi
Tadbirda Buxoro viloyati IIB rahbariyati, shaxsiy tarkibi, faxriylar hamda viloyat Jamoatchilik kengashi aʼzolari qatnashdilar.
Tantanali tadbirni olib borgan Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ikromjon Tursunov, Davlatimiz rahbari boshchiligida yurtimiz osoyishtaligi, mahallalarimizning farovonligi, xalqimiz xotirjamligi hamda har bir fuqaroning manfaatlarini munosib himoya qilishda shu yurt qalqoniman deya xizmat qilayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining munosib hissasi borligini taʼkidlab o‘tdi.
Bugungi tinch va osoyishta kunlarda bayramni shodiyona bilan nishonlayotganimizga, o‘z vaqtida mustaqillikni mustahkamlash, jinoyatchilikka barham berish yo‘lida jon fido etgan xodimlarning, o‘z umrini soha rivojiga baxshida etgan faxriylarning xizmatlari katta ekanligi yuksak eʼtiroflarga sazovor.
Ayni vaqtda ham safdoshlarimiz joylarda bayram tadbirlarini munosib nishonlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash yo‘lida tunu-kun sergak holda xizmat faoliyatlarini davom ettirishmoqda.
Tadbir davomida jamoat tartibini mustahkamlash, qonun ustuvorligini taʼminlash, yurt tinchligini muhofaza qilishda jasorat va fidoyilik ko‘rsatgan, shuningdek, sohada ko‘p yillik samarali mehnati va yosh avlodni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda munosib hissa qo‘shgan Buxoro viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Ikromjon Tursunovga “Mardlik” ordeni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tantanali ravishda shaxsan topshirilgani alohida eʼtirof etildi.
Marosim jarayonida Davlat rahbarining Farmoniga asosan yuksak mukofotga sazovor bo‘lgan, Buxoro viloyati Jondor tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Abduxalil Nosirovga “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan mukofotlanganligi ham alohida eʼtirof etildi.
Tadbirda, sadoqatli xizmat faoliyati bilan alohida namuna ko‘rsatayotgan bir qator xodimlar Ichki ishlar vazirining, shuningdek, idoralararo va Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan idoraviy ko‘krak nishonlari, yuksak unvonlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan ham taqdirlandilar.
Jumladan, Ichki ishlar vazirligi tomonidan munosib ko‘rilgan 95 nafar xodimlar mukofotlandi. Ularga 1-2-3-darajali “Benuqson xizmatlari uchun”, “Aʼlo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni, “Faxriy yorliq”, “Esdalik qo‘l soati” hamda kitoblar jamlanmasi tantanali topshirildi.
Tadbir davomida bir nafar xodimga “polkovnik” maxsus unvoni, yana bir nafar xodimga rag‘batlantirish tariqasida muddatidan oldin “podpolkovnik” maxsus unvoni berildi.
Marosimda soha faxriylari, Jamoatchilik kengashi aʼzolari hamda mukofotlangan xodimlar so‘zga chiqib, bu bayramning ichki ishlar organlari tizimidagi ahamiyati benihoya mislsiz ekanligini aytib o‘tishdi. Qolaversa bugun davlat rahbari tomonidan tizimga va xodimlarning ijtimoiy himoyasiga ko‘rsatilayotgan eʼtibor ichki ishlar organlarining har bir vakili uchun yuksak faxr iftixor bag‘ishlashi eʼtirof qilindi.
Mustaqillik bayrami munosabati bilan o‘tkazilayotgan tantanali tadbirlar shahar-tuman ichki ishlar bo‘limlarida ham davom ettirilmoqda.