Mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligidagi g‘alla o‘rim-yig‘im tadbirlari davomida yo‘l harakati va yong‘in xavfsizligini taʼminlash, boshoqli don mahsulotlarining talon-taroj qilinishi bilan bog‘liq huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish muhim vazifa
Bugun, 28 may kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida "G‘alla - 2025" tadbirlarini namunali tashkil etish, jamoat tartibi, yo‘l harakati va yong‘in xavfsizligini taʼminlash, shuningdek dalalarda yetishtirilgan donning talon-taroj qilinishi bilan bog‘liq huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish masalalariga doir kengaytirilgan tezkor yig‘ilish o‘tkazildi.
Mirishkor dehqonlarimiz tomonidan ne-ne mashaqqatlar bilan ekib yetishtirilgan, xalqimizning rizqi-ro‘zi bo‘lgan donni nes-nobud qilmasdan yig‘ib-terib olish, o‘rib olingan mahsulotlarni xavfsiz tashish, bunda turli talon-torojliklarga yo‘l qo‘ymaslik borasida ichki ishlar organlari, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda qator manzilli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Videokonferensaloqa tizimi asosida o‘tkazilgan yig‘ilishda Ichki ishlar hamda Favqulotda vaziyatlar boshqarmalari rahbariyati, tegishli sohaviy xizmatlar va o‘rta bo‘g‘in rahbarlari, hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari hamda FVB masʼullari ishtirok etdi.
Bugungi kunda pishib yetilgan donni nes-nobud qilmasdan yig‘ib-terib olish, o‘rib olingan mahsulotlarni xavfsiz tashish, bunda turli talon-torojliklarga yo‘l qo‘ymaslik borasida ichki ishlar organlari, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan manzilli tezkor hamda profilaktik tadbirlar yuzasidan topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari don qabul qilish maskanlarida ham xavfsizlikni taʼminlash, g‘alla o‘rim-yig‘im ishlarining to‘g‘ri tashkil qilish, tadbirga jalb etilgan kuch-vositalarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish, texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, mavsumga shay holatga keltirilgan g‘alla o‘rim kombaynlari, don tashish uchun mo‘ljallangan yuk mashinalari va boshqa texnikalarning talafotsiz ishlashini doimiy nazoratga olish yuzasidan ham ko‘rsatmalar berildi.