Murojaat va yechim: Buxoro tumanidagi 44-sonli umumiy o‘rta ta‘lim maktabining qo‘shimcha binosiga tamal toshi qo‘yildi
Xabaringiz bor, joriy yilning 19-aprel kuni viloyat 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining Buxoro tumani “Bog‘idasht” mahallasi yoshlari bilan o‘tkazgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi”da fuqaro Nasim Sayfiyev hududda joylashgan 44-sonli umumiy o‘rta ta‘lim maktabida o‘quvchi sig‘imi ko‘pligi biroq, ta‘lim maskani binosi quvvatining bunga javob bermasligi uchun qo‘shimcha yangi bino hamda sport maydonchasi qurilishida amaliy yordam berishni so‘rab qilgan murojaati yuzasidan qisqa fursatda amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Zotan, davlatimiz rahbari ta‘kidlaganidek, “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”.
Yosh avlodga zamonaviy, sifatli ta‘lim berish, Vatanimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shadigan yoshlarni tarbiyalash maqsadida “Ta‘limga e‘tibor – kelajakka e‘tibor” tamoyili asosida hududlarda amalga oshirilayotgan bir qator islohotlarning buning yorqin dalilidir.
Bugun, 12 iyun kuni viloyat Ichki ishlar va Soliq boshqarmalari boshliqlari hamda viloyat mutasaddi tashkilot va tuman sektor rahbarlari birgalikda ushbu maktab uchun quriladigan qo‘shimcha binoga tamal toshi qo‘ydilar.
Ma‘lumot o‘rnida: mazkur 44-sonli umumiy o‘rta ta‘lim maktabi 180 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozir unda 234 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Bunda, o‘quvchilar uchun sinf xonalari yetishmasligi oqibatida yuzaga kelgan noqulayliklarni bartaraf etish hamda yoshlarning talim olishi uchun zaruriy qulay sharoit yaratish maqsadida 2 qavatli, 4 ta sinf xonadan iborat, 120 nafar o‘quvchi sig‘imiga mo‘ljallangan yangi bino qurilishiga start berildi.