Nazorat ostidagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur
Joriy yilning 10-fevral kun Buxoro viloyati IIBda boshqarma boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev boshchiligida o‘tgan 2022 yil va joriy yilning o‘tgan davri mobaynida probatsiya bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, shuningdek, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda viloyat probatsiya bo‘limi shuningdek, shahar-tuman ichki ishlar organlari probatsiya bo‘linmalari xodimlari hamda Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi va uning hududiy bo‘lim, bo‘linma boshliqlari ishtirok etishdi.
Dastlab o‘tgan davr mobaynida probatsiya xizmati tomonidan amalga oshirilgan ishlar, faoliyat davomida yo‘l qo‘yilgan ayrim xato va kamchiliklar birma-bir ko‘rsatilib, ushbu kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan probatsiya bo‘linmalari xodimlarining faoliyati tanqidiy baholandi.
Xususan, nazorat ostidagi shaxslar bilan o‘tkaziladigan profilaktik tadbirlarni yetarli darajada tashkillashtirmaganligi, nazoratdagilarning bandligini taʼminlash, ularni kasbga yo‘naltirish, o‘qitish va muayyan foydali mehnat bilan shug‘ullanishlarini taʼminlash borasida zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilmaganligi oqibatida nazorat ostidagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishi holatlariga yo‘l qo‘yganligi borasida qattiq eʼtiroz bildirildi.
Shuningdek, nazorat ostidagi shaxslarning oilaviy ahvoli, yashash va turmush sharoiti bilan yaqindan tanishish, ularning muammolarini o‘rganib, o‘z vaqtida hal qilish choralarini ko‘rish, ayniqsa, muayyan kasbga ega bo‘lmagan nazoratdagilarni qayta kasbga o‘qitish va bandligini taʼminlash orqali ularni ijtimoiy hayotga moslashtirish, yakka tartibdagi profilaktik tadbirlarni kuchaytirish borasida zaruriy ko‘rsatmalar berildi.