28 Iyun 2025 yil 215

"Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik" shiori ostida o‘tkazilayotgan "Yoshlar oyligi" doirasida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i ishtirokida tashkil etilgan "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi yosh xodimlarning qator tashabbus va takliflari ro‘yobiga xizmat qildi

Har qanday davlatning kelajagini maʼnan yetuk, jismonan sog‘lom va intellektual salohiyatli yoshlar belgilaydi. Zotan, yoshlarga eʼtibor mamlakatimiz kelajagiga bo‘lgan eʼtibordir. "Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik" shiori ostida o‘tkazilayotgan "Yoshlar oyligi" doirasida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi ushbu maqsadlarga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasini jo‘r ovozda ijro etish bilan boshlangan tadbirda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, sohaviy xizmatlar rahbarlari, tizim faxriylari, viloyat ichki ishlar organlarida xizmat faoliyatini olib borayotgan yosh xodimlar, Buxoro viloyatidan jamlangan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kursantlari hamda Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tantanali tadbirda so‘zga chiqqan boshqarma boshlig‘i bugungi kunda Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda yoshlarga yaratib berilayotgan keng ko‘lamli imkoniyatlarni alohida eʼtirof etib, ichki ishlar organlarida yosh kadrlar uchun nafaqat xizmat sharoitlari bo‘yicha, balki ularning maʼnaviy va intellektual jihatdan rivojlanishi uchun ham yetarli imkoniyatlar yaratilayotganini, natijada esa erkin fikrlaydigan, tashabbuskor, masʼuliyatni o‘z zimmasiga oladigan, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish, sport, ilm-fan, sanʼat sohalarida ham o‘zining beqiyos hissasini qo‘shib kelayotgan yosh xodimlarning soni ortayotganini alohida taʼkidladi.

Tadbirning ahamiyatli jihatlaridan yana biri — bu faxriylar bilan bo‘lgan muloqot bo‘ldi. Ular o‘z hayot va xizmat tajribalari orqali yoshlarga fidoyilik, xalqparvarlik, qonun ustuvorligi, kasbga sadoqat kabi qadriyatlarni yetkazishdi. Bu esa yosh xodimlarning maʼnaviy-axloqiy ruhiyatini mustahkamlashga xizmat qildi.

Boshqarma boshlig‘i va yoshlar o‘rtasidagi ochiq muloqotda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, xizmat faoliyati bilan bog‘liq muammolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbarga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i har bir savolga to‘liq javob berib, aniqlangan muammolar yuzasidan galdagi vazifalar belgilab olindi.

"Rahbar va yoshlar" uchrashuvi davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda faollik ko‘rsatib, o‘zining bilim va iqtidori, tashabbuskorligi, halol va samarali mehnati bilan Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, shuningdek, ichki ishlar organlarida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishdagi faol ishtiroki uchun hamda “30 -iyun – Yoshlar kuni” munosabati bilan bir guruh xodimlar mukofotlandilar.

Shu bilan birga, "Yoshlar oyligi" doirasida Respublika hamda viloyat miqyosida o‘tkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy ko‘rik-tanlovlar hamda sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan yosh xodimlar ham taqdirlandilar.

O‘z xizmat vazifasiga sitqidildan yondashib, hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh xodimlarning ota onalariga ham tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

"Rahbar va yoshlar" uchrashuvi viloyat Madaniyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan konsert dasturi bilan davom etdi. Xushovoz xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

"Rahbar va yoshlar" uchrashuvi nafaqat tantanali tadbir, balki amaliy ahamiyatga ega tarbiyaviy maktab vazifasini o‘tadi. Bundan tashqari yoshlarning tashabbus va fikrlarini eshitish, ularga ishonch bildirish, ruhlantirish hamda mamlakat kelajagi uchun masʼuliyatni ular bilan birga bo‘lishishga qaratilgan muhim qadamdir. Davlat va jamiyat barqarorligi, tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashda zamonaviy bilim va malakaga ega bo‘lgan, Vatanparvar, qonuniyatli va fidoyi yosh kadrlar tarbiyasi eng asosiy omillardan biridir. Shunday ekan, bu kabi uchrashuvlarning ko‘proq tashkil etilishi va muntazam ravishda o‘tkazilishi maqsadga muvofiqdir.

Text to speech