6 Fevral 2024 yil 1028

Nohaq qatag‘onga uchragan Buxoro viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining nomlarini tiklash maqsadida Buxoro Davlat universiteti huzuridagi "Qatag‘on qurbonlari xotirasi" muzeyi bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 avgust kuni “Shahidlar xotirasi” xiyobonida berilgan konseptual fikrlar va topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida nohaq qatag‘onga uchragan Buxoro viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining nomlarini tiklash va yosh avlodga yetkazish orqali ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Sobiq ittifoq tuzumi davrida nohaq qatag‘on qilingan Ichki ishlar organlari xodimlariga bag‘ishlab tayyorlanayotgan kitob, hamda hujjatli film uchun maʼlumotlar to‘plash maqsadida, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasining tarkibiy va hududiy bo‘linmalari xodimlari, faxriylar hamda tarixchi olimlardan iborat ishchi guruhi tuzildi.

Ishchi guruhi aʼzolariga qatag‘on qurboni bo‘lgan Buxoro viloyati ichki ishlar organlari xodimlarini nomma-nom aniqlash hamda aniq ro‘yxatini shakllantirish, qatag‘on qilingan xodimlarning hayoti va faoliyati haqidagi maʼlumotlarni, arxiv va muzeylarda saqlanayotgan hujjatlarni, jumladan foto va video materiallar hamda ularning nusxalarini to‘plash va o‘rganish ishlari bilan shug‘ullanishmoqda.

Shuningdek, ishchi guruh aʼzolariga qatag‘on qurboni bo‘lgan xodimlarning avlodlari va yaqinlari o‘sha davr voqealarini chuqur biladigan kishilarning xotiralarini yozib olish, oilaviy arxiv va kutubxonalarda saqlanayotgan tarixiy materiallarni noyob suratlarni to‘plash, keyinchalik viloyat Ichki ishlar organlari muzeyida qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan ekspozitsiya tashkil etish kabi vazifalar yuklandi.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Buxoro Davlat universiteti huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori dotsent Azalshoh Hamroyev bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, shaxsiy tarkib ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish ishtirokchilarga qatag‘on qurboni bo‘lgan Buxoro xalq Respublikasining birinchi ichki ishlar xalq noziri Muxtor Saidjonov uning mehnat faoliyati haqida maʼlumotlar berildi.

Imzolangan memorandum asosida bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Text to speech