Nufuzli sertifikatni qalbakilashtirishdan kelgan balolar
Buxoro shahar IIO FMB bergan maʼlumotga ko‘ra, Buxoro Muhandislik-texnologiya instituti rektorining 2021-yil 4-dekabrdagi buyrug‘i bilan “S1” darajadagi IELTS sertifikati borligi sababli xorijiy tillar kafedrasi o‘qituvchisi A.M. ismli ayolga oylik maoshiga qo‘shimcha 50 foiz ustama to‘lab kelingan. Ushbu sertifikatda A.M. ning emas, balki boshqa nomaʼlum shaxsning fotosurati mavjudligi sababli, uning haqqoniyligini tekshirish maqsadida Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasiga so‘rov jo‘natilgan. Britaniya Kengashi vakolatxonasi direktorining 2022-yil 7-dekabrdagi tegishli xatida A.M. ga 2021-yil 8-aprelda, 003241-sonli sertifikat imtihonda qoida buzilishi, yaʼni nomzod o‘rniga boshqa shaxsning yordamidan foydalanganlik holati bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruv natijasiga ko‘ra bekor qilinganligi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, Kengash tekshiruv natijalariga ko‘ra A.M. ga 2023-yil 26-sentyabrga qadar IELTS imtihonlarini qayta topshirish taqiqlangan.
Buxoro Muhandislik texnologiya institutining taqdim qilgan maʼlumotiga ko‘ra, 003241-sonli IELTS sertifikati asosida A.M. ga 2021-yilning dekabr oyidan 2022-yilning sentyabr oyiga qadar jami 33 mln. 276 ming so‘m qo‘shimcha ustama hisoblanib, to‘lab berilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlanki tergov harakatlari olib borilmoqda.