“Obod va xavfsiz mahalla” dasturi ijrosi amalda
Maʼlumki, Buxoro viloyatida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda keng ko‘lamli obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, shu bilan birgalikda huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda jinoyatchilikka qarshi kurashning “mahallabay”, “xonadonbay” va “fuqarobay” tizimi asosida bir qator amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilib, ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Jumladan, viloyat 3-sektori rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov boshchiligida hamkor tashkilotlar masʼullaridan iborat ishchi guruh tomonidan joriy yilning 27-iyun kunidan boshlab, mamlakatimizda keng nishonlanayotgan “Qurbon hayiti” bayrami munosobati bilan Buxoro shahrining 3-sektoriga qarashli “Chorbaxosa” mahallasida savobli va o‘z navbatida manzilli ishlar boshlab yuborildi.
Bunda, mahalla hududidagi mavjud 11 ta ko‘chada uyma-uy yurib, aholining mavjud muammolari yaqindan o‘rganilmoqda.
Xususan, aholi xonadonlari va yon atrofda hamda ko‘chalarga olib boruvchi yo‘llar, chiqindi to‘planadigan maxsus joylarda tozalash, sanitariya va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Shahar hokimligi obodonlashtirish, hududgaz, elektr tarmoqlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar masʼul xodimlarini jalb etgan holda tegishliligi bo‘yicha hududdagi muammoli masalalar yechimiga alohida eʼtibor qaratilib, aniqlangan kamchiliklarni bosqichma-bosqich bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Bu boradagi ishlar Buxoro shahar 3-sektorining “Xo‘ja G‘unjoriy”, “Muhtor Ashrafiy” va “Havzinav” mahallalari hududlarida ham qizg‘in davom ettirilmoqda.