«Obod va xavfsiz mahalla» tamoyili asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini belgilash to‘g‘risidagi qo‘shma qaror mazmun-mohiyatini soha xodimlariga tushuntirish maqsadida Respublika idoralararo o‘qitish guruhi tomonidan viloyatning bir qator shahar va tumanlari bo‘ylab o‘quv seminarlari tashkil etildi
Jamiyat oilalardan, yurt esa mahallalardan tarkib topadi. Oilalar tinch, mahallalar farovon bo‘lsa mamlakat obod bo‘ladi.
Shu o‘rinda, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini belgilash to‘g‘risidagi qo‘shma qaror mazmun-mohiyati hamda bu borada mahalladagi “beshlik” vakillari bilan o‘zaro manzilli hamkorlikning samaradorligini oshirishga qaratilgan va ijtimoiy profilaktika choralariga asoslangan yangicha ishlash tizimi joriy etildi.
Topshiriqlar ijrosi yuzasidan Prezident Administratsiyasi masʼullari boshchiligidagi Respublika idoralararo ishchi guruhi tomonidan joriy yilning 19-22 may kunlari Buxoro viloyatining barcha shahar-tumanlari bo‘ylab mahallalar “beshlik” vakillari ishtirokida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilishi belgilangan edi.
Mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faolining uzviy hamkorligini oshirishga qaratilgan seminarning ilk kunida viloyatning Buxoro va Kogon shahri hamda Kogon, Qorovulbozor, G‘ijduvon, Vobkent va Shofirkon tumanlarida mashg‘ulotlar o‘tkazilib, qo‘shma qaror ijrosi yuzasidan hududlarda olib borilayotgan rejali ishlar birma-bir muhokama qilindi.
Uchrashuvda Respublika idoralararo ishchi guruhi aʼzolari tomonidan huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslar hamda huquqbuzarlikdan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslar bilan profilaktika inspektori ro‘yxatiga kiritilganlar bilan yakka tartibdagi profilaktik chora-tadbirlarni manzilli amalga oshirish borasida so‘z yuritildi.
O‘zaro qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan seminar mashg‘ulotlari qo‘shma qarorda tegishliligi bo‘yicha 14 toifaga ajratilgan holda mahalladagi “beshlik” vakillariga biriktirilgan nizoli oilalar aʼzolari, uzoq vaqt davomida o‘zaro nizo va adovatda bo‘lib kelayotgan, farzand tarbiyasiga befarq munosabatda bo‘layotgan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi, sudxo‘rlik bilan shug‘ullanuvchi, qonuniy nikohsiz yashovchi, bandligi taʼminlanmagan mehnatga layoqatli bo‘lgan hamda jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilib, ko‘makka muhtoj shaxslarga profilaktik taʼsir ko‘rsatish va ularni ijtimoiy moslashtirishga doir faoliyatning funksional majburiyatlari batafsil tushuntirilib, zaruriy ko‘nikmalar berilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Bu kabi o‘quv, seminar-trening mashg‘ulotlari viloyatning boshqa tumanlarida ham qizg‘in davom ettirilmoqda.