14 May 2025 yil 464

Shofirkon tumanida jinoyatchilikka barham berish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli tezkor hamda profilaktik tadbirlar, manzilli chora-tadbirlarning natijadorligi joyiga chiqib o‘rganildi

Xabaringiz bor, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i boshchiligidagi masʼullar tomonidan hududlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvar kunidagi "2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi Qarori ijrosini taʼminlash borasida o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda.

Navbatdagi o‘rganish ishlari Shofirkon tumanida amalga oshirildi.

Dastlab, Qalmaqon va Bobohaydar MFY larida “yettilik” vakillari ishtirokida PQ-1-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 801-sonli Qarorlari talablari asosida mahallada kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlarning natijadorligi, mavjud muammolar hamda yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklar birma-bir muhokama qilindi.

Shu bilan birga ushbu mahallalarda "Namunali xavfsiz ko‘cha” va “Namunali xavfsiz yo‘lak” loyihalari doirasida bajarilgan ishlar ham ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, bugungi kunda “Buxoro tajribasi” asosida profilaktika katta inspektorlarining xizmat faoliyati davomida foydalanish uchun berilgan uchuvchisiz apparat (drondan) lardan foydalanish amaliyoti, dastlabki natijalar, qurilmaning afzalliklari va mavjud muammolar ham yaqindan o‘rganildi.

Bobohaydar mahallasidagi 18-son umumiy o‘rta taʼlim maktabida bo‘lgan masʼullar muassasada o‘quvchilarning kundalik davomatini nazorat qilish, xavfsizligini taʼminlash va ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan tashkiliy-tarbiyaviy ishlar, mavjud muammolar va shart-sharoitlarni birma-bir ko‘rib chiqdilar.

O‘rganishlar yakuni bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazildi. Bunda joriy yilning 22-29 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatida olib borilgan kompleks inspektorlik tekshiruvi yakunlari yuzasidan o‘tkazilgan yakuniy yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosi muhokama qilindi.

Tanqidiy-tahliliy tarzda o‘tgan yig‘ilishda, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan sohaviy xizmatlar masʼullarining hisobotlari tinglandi.

Jarayonda, tumanda joriy yilning bugungi kuniga qadar qayd etilgan huquqbuzarlik hamda jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, omil bo‘lgan shart sharoitlar, jinoyatlarning turlari, sodir etgan shaxslarning toifalari kesimida chuqur tahlil qilinib, galdagi vazifalar belgilab berildi.

Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirining alohida Farmoyishi asosida Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan "Xavfsiz va sog‘lom yurt" hamda "Qoradori - 2025" keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlari doirasida tumanda amalga oshirilgan ishlar va natijalar ham birma-bir ko‘rib chiqildi.

Yakunda, salbiy natijalar qayd etgan bir qator xodimlarga intizomiy taʼsir choralarini qo‘llash, 5 nafar yuqori natijaga erishgan xodimlarni rag‘batlantirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi hamda shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat va ijro intizomini mustahkamlash, qonunbuzarliklarni oldini olishga doir profilaktik ogohlantiruv va tushuntirish ishlari ham olib borilib, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan intizom buzish holatlari aniq misollarda ular eʼtiboriga yetkazildi.

O‘rganish va yakuniy yig‘ilish davomida aniqlangan kamchiliklar hamda muammolarni bartaraf etish yuzasidan masʼul rahbarlarga manzilli topshiriqlar berilib ijrosi alohida nazoratga olindi.

Bu kabi o‘rganishlar viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham izchillik bilan davom etmoqda.

Text to speech